O'zbekiston sayyohlik salohiyati Ispaniyaning Saragosa shahrida taqdim etildi

Ispaniyaning Saragosa shahrida "O'zbekistonga sayohat: Markaziy Osiyo durdonasi" mavzusida yurtimiz sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri bo'lib o'tdi.
Taqdimot Eclhixona va Ispaniyaning yetakchi sayyohlik kompaniyalaridan biri – "Viajes El Corte Inglés" bilan birgalikda tashkil etildi.
Unda "Viajes El Corte Inglés" kompaniyasi hamkorlari, hududdagi yetakchi sayyohlik agentliklari va ishbilarmon doiralari vakillari, OAV xodimlari hamda Saragosa shahri aholisi ishtirok etdi.
Yig'ilganlar O'zbekistonning turizm salohiyati, tarixiy-madaniy diqqatga sazovor joylari, an'analari, milliy oshxonasi hamda xorijiy sayyohlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqidagi muhim ma'lumotlar bilan tanishdilar.
"Viajes El Corte Inglés" vakillarining aytishicha, hududda bunday formatdagi tadbir birinchi marta ko'plab ishtirokchilarni jalb etgan holda o'tkazilmoqda.
"Taqdimot haqidagi axborot materiallari va e'lon hududdagi ommabop "El Periódico de Aragón" gazetasida chop etilgani keng jamoatchilik e'tiborini tortdi. Shuningdek, ularning O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bo'lgan qiziqishini oshirdi", – dedi kompaniya xodimi.
Shuningdek, anjuman davomida O'zbekiston tomoni bilan sheriklikni kengaytirish istagida bo'lgan sayyohlik agentliklari bilan muzokaralar o'tkazildi. Muzokaralar yakunda O'zbekistonni yangi va o'sib borayotgan turizm markazi sifatida Ispaniyaning boshqa hududlarida ham targ'ib qilish, sayyohlar almashinuvini ko'paytirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Dunyo bo'ylab 500 dan ortiq vakolatxonalarga ega bo'lgan "Viajes El Corte Inglés" kompaniyasi Ispaniya sayyohlik bozorining asosiy ishtirokchilaridan biri hisobladi. Ushbu kompaniyaning O'zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga bo'lgan qiziqishi mamlakatimizni Ispaniya bozorida ilgari surish uchun yangi istiqbollarni ochadi va ikki tomonlama turizm aloqalarini rivojlantirishni rag'batlantiradi.