O‘zbekiston va Ozarbayjon FIFA U-20 World Cup birgalikda mezbonlik qilish uchun ariza topshirdi

O‘zbekiston va Ozarbayjon 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga (FIFA U-20 World Cup) birgalikda mezbonlik qilish uchun ariza topshirdi. FIFA mezbonligiga nomzodlarni ko‘rib chiqishni boshladi.
O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda turkiyzabon mamlakatlarda futbol sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan sharoitlar hamda xalqaro maydondagi nufuzdan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston va Ozarbayjon futbol uyushmalari yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati mezbonligini yuqori saviyada o‘tkazishga ishonch bildirgan holda o‘z qo‘shma nomzodini ilgari surdi.
Bugungi kunda Ozarbayjon bilan birga O‘zbekiston ham nufuzli musobaqani qabul qilishga har tomonlama tayyor. So‘nggi yillarda stadionlar xalqaro standartlarga mos ravishda tartibga keltirildi. Qo‘shimcha ravishda, Osiyoning U-20, U-23 turnirlari, Markaziy Osiyo tarixida ilk bor o‘tkazilgan futzal bo‘yicha Jahon chempionati mezbonligi katta tajriba vazifasini o‘tadi. Ushbu mezbonlik FIFA prezidenti Janni Infantino tomonidan tarixdagi eng yaxshi mundial sifatida eʼtirof etildi.
Yurtimiz har doimgidek o‘zining mehmondo‘stligi, professional yondashuvi, futbolga fidoyiligi va, albatta, futbolsevar muxlislarning mehri bilan butun dunyo eʼtiborini qozonishga tayyor.