Poytaxtimizda IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlandi

Poytaxtimizda to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi o'z ishini boshladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Forum doirasida investitsiya ko'rgazmasi tashkil etilib, unda yirik xususiy va mahalliy kompaniyalar o'z loyiha va imkoniyatlarini xalqaro investorlarga taqdim etmoqda. Ko'rgazmalar zalida "Yandex Uzbekistan, Wildberries, "Navoiyuran", "Fonon", "Uzmetkombinat", "TMK" kabi yetakchi kompaniyalarning stendlari taqdim etilyapti.
Tadbir doirasida panel muhokamalari, bir qator strategik bitimlar imzolanishi va biznes uchrashuvlar o'tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum kun tartibi juda boy: oliy va yuqori darajadagi muzokaralar, nufuzli uchrashuvlar va mazmunli muhokamalar O'zbekistonning jahon iqtisodiy maydonidagi mavqeini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Taqdim etilgan loyihalar energetika va infratuzilmadan tortib raqamli transformatsiyagacha bo'lgan turli sohalarni qamrab oladi. Forumning investitsion portfeli bir necha milliard dollarni tashkil etadi. Tashabbuslar qatorida yirik loyihalar, jumladan, "Yangi Toshkent" megaloyihasi, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan ko'plab shartnomalar mamlakatimizning sarmoyaviy jozibadorligi oshib borayotganini tasdiqlaydi.
Tadbirni yoritish uchun "CNN", "BBC", "Euronews", "Reuters", "Al Jazeera" va "CGTN" kabi dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalarining 130 dan ortiq vakillari Toshkentga kelgan. Bu xalqaro hamjamiyatning O'zbekistonga qiziqishi ortib borayotganidan dalolatdir.
Forumda 3000 dan ortiq xorijiy vakillar: vazirlar, siyosatchilar, yirik korporatsiyalar, investitsiya fondlarining top-menejerlari, barqaror rivojlanish, innovatsiyalar va raqamli transformatsiyalar sohasidagi ekspertlar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy yutuqlarini namoyish etadi, balki uning yangi qiyofasini – jahon maydonidagi ochiq, ishonchli va jozibador hamkorini shakllantiradi.