Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanlovini eʼlon qilindi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanlovini eʼlon qiladi.
Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro adabiy tanlov milliy adabiyotimizni dunyoda keng targ‘ib qilayotgan, jahon adabiyotining eng sara asarlarini o‘zbek tiliga o‘girib, kitobxonlarga taqdim etayotgan fidoyi tarjimonlar mehnatini munosib rag‘batlantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish, xorijiy mamlakatlarda o‘zbekistonlik adiblar ijodiga qiziqishni yana-da oshirish kabi xayrli maqsadlarni nazarda tutadi.
Mazkur tanlovga eʼlon berilgan sanadan boshlab o‘tgan besh yil davomida kitob holida chop etilgan yoki bosma davriy va elektron adabiy nashrlarda eʼlon qilingan tarjima asarlar qabul qilinadi.
Xalqaro tanlov quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkaziladi va unga belgilangan hajmdan kam bo‘lmagan asarlar qabul qilinadi:
- o‘zbek adabiyoti nasriy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima – kamida o‘n bosma taboq;
- o‘zbek adabiyoti sheʼriy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima – kamida besh bosma taboq;
- o‘zbek bolalar adabiyoti namunalaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima – kamida besh bosma taboq;
- xorijiy tillarda yaratilgan nasriy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima – kamida o‘n bosma taboq;
- xorijiy tillarda yaratilgan sheʼriy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima – kamida besh bosma taboq;
- xorijiy tillarda yaratilgan bolalar adabiyoti namunalaridan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima – kamida besh bosma taboq.
Dramaturgiya jarniga oid tarjima asarlar ushbu bandda ko‘rsatilgan yo‘nalishlar asosida ko‘rib chiqiladi.
Xalqaro tanlovga asarlar 2025 yil 1 sentyabrga qadar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan qabul qilinadi.
G‘oliblarning har biri maxsus diplom, ko‘krak nishoni va bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Qo‘shimcha maʼlumotlarni internetdagi ogahiymukofoti.uz saytidan olish mumkin.