Prezident O‘zbekiston haqida nomaqbul gapirgan xorijliklarga taqiq qo‘yilishi ko‘zda tutilgan qonunni imzoladi
Shavkat Mirziyoyev 15-noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hakidagi hujjatni imzoladi.
Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunga davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo, milliy, diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, xalqning sha’nini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlarni yoki harakatlarni sodir etgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning “O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati”ga kiritilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan, shuningdek davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqining sha’nini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlari yoki harakatlari ularni mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxatiga kiritish uchun asos bo‘ladi.
Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni ro‘yxatga kiritish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashining, Senati kengashining, maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga oshiriladi.
Ro‘yxat Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi. Ro‘yxatga kiritilgan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston hududiga kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi, shuningdek, unga O‘zbekistonda bank hisobvaraqlarini ochish, mamlakat hududida ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish taqiqlanadi, bundan unga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan mulkni begonalashtirish mustasno.
Chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ro‘yxatda bo‘lish muddati besh yilni tashkil etadi va uni ro‘yxatga kiritishning tegishli asoslarini ushbu muddat ichida bartaraf etmagan taqdirda, ro‘yxatda bo‘lish muddati besh yilga uzaytiriladi. Chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan ro‘yxatga kiritilishi uchun asoslar bartaraf etilganidan keyin shaxs ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi murojaatiga yoxud uni ro‘yxatga kiritish hakida taqdimnoma bergan tegishli davlat organining iltimosnomasiga asosan muddatidan ilgari ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosining yoki O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ro‘yxatga kiritilishi uning mamlakat hududida qonuniy asoslarda yashash va bo‘lish huquqi bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.
Tashqi ishlar vazirligi chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs ro‘yxatga kiritilgani to‘g‘risida mazkur shaxsni (uning qonuniy vakilini) belgilangan tartibda bevosita yoki diplomatik kanallar orqali uch ish kuni ichida xabardor qiladi. O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga kiritish hamda uni yuritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.