O‘zbekistonda IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi bo‘lib o‘tadi
2−4 oktyabr kunlari Toshkentda IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Uning mavzusi: «Inklyuziv kreativlik: o‘zgargan voqelik». Kreativ iqtisodiyot sohasidagi vazirlar uchrashuvi, kreativ iqtisodiyotga bag‘ishlangan ko‘rgazma va boshqa bir qator tadbirlar rejalashtirilgan.
Birinchi Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi (World Conference on Creative Economy, WCCE) 2018 yilda Indoneziyaning Bali shahrida bo‘lib o‘tgan. 2021 yilda u Dubayda (BAA), 2022 yilda yana Balida bo‘lib o‘tgan. Tadbir xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga yordam berish, inklyuziv, barqaror iqtisodiyotni shakllantirishda ijodkorlikning rolini qayd etish va eʼtiborni resursga asoslangan iqtisodiyotdan bilimga asoslangan iqtisodiyotiga o‘tkazishga qaratilgan.
Bu yilgi konferensiya mavzusi: «Inklyuziv kreativlik: o‘zgargan voqelik». U texnologiyalarning jadal rivojlanishi, ayniqsa, sunʼiy intellektning joriy etilishi bilan bog‘liq ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni o‘rganishga bag‘ishlanadi.
Konferensiya doirasida kreativ iqtisodiyot sohasidagi vazirlar uchrashuvi, dunyo va O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyotga bag‘ishlangan ko‘rgazma, seminarlar, maslahat uchrashuvlari, amaliy mashg‘ulotlar, taqdimotlar va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.