BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston tashabbusini bir ovozdan qo'llab-quvvatladi
Mazkur rezolyutsiya O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan, shahar va qishloq hududlarini ko'kalamzorlashtirish orqali bioxilma-xillikni saqlash va tiklashga qaratilgan "Yashil makon" umummilliy dasturi konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan.
Hujjatda davlatimiz rahbari tomonidan Bosh Assambleyaning 78-sessiyasi va BMTning Iqlim o'zgarishi bo'yicha 28-konferensiyasida iqlim o'zgarishiga va yerlarning degradatsiyasiga qarshi samarali kurashish bo'yicha bildirgan asosiy takliflari o'z ifodasini topgan.
Rezolyutsiyaga 100 dan ortiq a’zo davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, Ozarbayjon, Avstriya, Belgiya, Bahrayn, Vengriya, Germaniya, Italiya, Iordaniya, Indoneziya, Qatar, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Latviya, Mo'g'iliston, Marokash, O'mon, BAA, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Fransiya va dunyoning turli mintaqalarini ifodalovchi boshqa davlatlar hammualliflik qildi.
Rezolyutsiyada o'rmonlarni barqaror boshqarish va daraxt o'tqazishning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik afzalliklari har tomonlama qayd etilgan. Ularning biologik xilma-xillikni oshirish, iqlim o'zgarishi va havo ifloslanishi oqibatlarini yumshatish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qo'shgan hissasi, jumladan, kambag'allikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi hissasi alohida ta’kidlanadi.
Rezolyutsiyaning o'ziga xos xususiyati uning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi so'nggi ilmiy yo'nalishlarga muvofiqligidir. Shuningdek, ekologik toza va ekotizimga asoslangan usullardan foydalangan holda biologik xilma-xillikni saqlash va ko'paytirish maqsadida BMTga a’zo mamlakatlarga daraxt ekish sohasida aniq tavsiyalar beriladi.