O‘zbekistonda parlament saylovlari 27-oktabrda o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi 2024-yil 27-oktabrda o‘tkaziladi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi xabar qildi.
Komissiya saylov kompaniyasi 2024-yil 26-iyulidan boshlanishini ma’lum qildi. Saylov “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida o‘tkazilishi eʼlon qilindi.
Saylovlar birinchi marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkaziladi. Bu tizimda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga bo‘linadi. Parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim bo‘yicha, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya ro‘yxati asosida) saylanadi.
Siyosiy partiyalarning rolini oshirish uchun aralash saylov tizimiga o‘tish taklifi mart oyida O‘zbekiston prezidenti tomonidan deputatlar bilan uchrashuvda ilgari surilgan edi. Konstitutsiyaning yangi tahriri bo‘yicha referendumdan so‘ng Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni majoritar-proporsional saylov tizimini joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Bungacha O‘zbekistonda parlament saylovlari majoritar tizim bo‘yicha o‘tkazilib, unda o‘z saylov okrugida ko‘pchilik ovoz olgan nomzodlar saylangan deb hisoblanardi.