BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston va Xitoy tomonidan ishlab chiqilgan “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni” rezolyutsiyasini qabul qildi
Rezolyutsiyada 10 iyunni Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni deb eʼlon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan
“Dunyo” axborot agentligining xabariga ko'ra, 7 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston va Xitoy tomonidan ishlab chiqilgan “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni” deb nomlangan rezolyutsiyani bir ovozdan maʼqulladi.
Rezolyutsiyaga 80 dan ortiq aʼzo mamlakatlar, shu jumladan Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, Armaniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Belarus, Eron, Indoneziya, Kuvayt, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Qatar, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Vengriya tomonidan hammualliflik qilgan.
Hujjat O‘zbekiston rahbariyatining BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi (2023 yil) va SHHTning Samarqand sammitida (2022 yil) umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida hamjihatlik ruhini yuksaltirish zarurligi, konstruktiv hamkorlikka intilish, shuningdek, tinchlik va barqaror farovonlikka erishish uchun xalqaro hamjamiyatlarning saʼy-harakatlarini safarbar qilish to‘g‘risida bildirilgan qarashlarini konseptual tarzda aks ettiradi.
Hujjatda dunyoda diniy va madaniy xilma-xillik muhimligi eʼtirof etilgan holda, barcha madaniyatlar va tamaddunlarning insoniyatni taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi ijobiy qayd etilgan. Turli madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasida bag‘rikenglik, hurmat, muloqot va hamkorlik rag‘batlantiriladi.
Rezolyutsiyada sivilizatsiyalar xilma-xilligi qadriyatini anglash, muloqot, o‘zaro hurmat va global birdamlikni rivojlantirish maqsadida 10 iyunni Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni deb eʼlon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.