O‘zbekiston Prezidenti «BMT Turizm» bosh kotibi bilan uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-iyun kuni Samarqand shahrida amaliy tashrif bilan yurtimizda bo‘lib turgan “BMT Turizm” (Butunjahon turizm tashkiloti) bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston bilan BMTning mazkur ixtisoslashgan instituti o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Samarqandda 2023-yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan tashkilotning 25-sessiyasida erishilgan kelishuvlarni va ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish jarayoni ko‘rib chiqildi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan 2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilingani yuksak baholandi.
Tashkilot zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirish va yurtimizga sayyohat qilishni ommalashtirish bo‘yicha O‘zbekistonning strategik hamkoriga aylangani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar va obyektlarni barpo etish, ziyorat va madaniy-ma’rifiy turizmni, jumladan ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Samarqandda faoliyat yuritayotgan Xalqaro turizm akademiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda mehmondo‘stlik va servis sohasida malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonga turizm yo‘nalishini ommalashtirish maqsadida mahalliy turoperatorlarning yirik xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy hamkorlik kengaytiriladi.