Millatlararo totuvlikning huquqiy kafolati
O‘zbekiston ko‘pmillatli mamlakat. O‘zbekistonda hamisha millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik hukm surib kelmoqdaki, bu holat yurtimizdagi siyosiy barqarorlikning eng muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Zero, O‘zbekistonda bu yutuqqa erishish uchun eng avvalo zaruriy huquqiy shart-sharoit, mustahkam poydevor yaratilgan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4- moddasidagi quyidagi jumlalarga e’tibor bering:
“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.
Asosiy qonunimizning bu talablari mamlakatda izchil amaliyotga tatbiq etilib, Yangi O‘zbekiston sharoitida mazmunan yanada boyib, yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning xohish va irodasiga muvofiq tobora rivojlantirilmoqda.
Prezidentimizning 2017 yil 19 maydagi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi.
Chunki mazkur qo‘mita respublikamizdagi 140 ga yaqin milliy-madaniy markazlarning faoliyatiga yaqindan ko‘maklashib, xususan, davlat organlarining respublika hududida joylashgan har bir markaz, shuningdek, do‘stlik jamiyatlari bilan o‘zaro aloqa va hamkorligini ta’minlashda, jamiyatimizda do‘stlik va ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usi muhitini mustahkamlashda, kelajak avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda haqiqiy shtab vazifasini bajarmoqda. Respublika maqomidagi milliy-madaniy markazlar aynan shu qo‘mita binosida joylashgan. Har bir bayramda markazlar o‘z dasturlari bilan elning quvonchiga sherik bo‘lib, tantanalarga shukuh bag‘ishlab kelmoqda.
Shu kunlarda (9-16 noyabr kunlari) aziz O‘zbekistonimiz bo‘ylab ajoyib do‘stlik va hamjihatlik bayrami “Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik shiori ostida “Bag‘rikenglik haftaligi” davom etmoqda. Har bir milliy- madaniy markaz, barcha diniy konfessiyalar vakillari totuvlikda turli tadbirlarda ishtirok etib, yagona Vatan – O‘zbekistonni tarannum qilmoqda. Bu bebaho imkoniyatni ko‘rib, beadad shukronalar aytingiz keladi. Chunki, bugungi notinch sayyoramizda, turli nuqtalarda aynan diniy-milliy nizolar xalqlarning boshiga ne kulfatlar olib kelayotgani XXI asrning eng yovuz va dahshatli manzarasidir.
O‘zbekistonda bugungi kunda 7 tilda ta’lim olib borilmoqda. Rus, tojik va qozoq tillarida respublika nashrlari faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida qardosh xalqlari adabiyoti kengashlari samarali ishlamoqda. Eng mahoratli adiblar uyushma a’zoligiga qabul qilinayotir. Teleradio dasturlari ham turli tillarda olib boriladi. Aynan shunday imkoniyatlarni viloyatlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Mazkur yo‘nalishda Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan demokratik normalar boshqa qonun hujjatlarining qabul qilinishida ham inobatga olinganligini alohida qayd etish joiz. O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida”gi qonunining 4-moddasida quyidagilar qayd etilgan:
“O‘zbekiston Respublikasida davlat tilini o‘rganish uchun barcha fuqarolarga shart-sharoit hamda uning hududida yashovchi millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda bo‘lish ta’minlanadi, bu tillarni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratiladi”. Bu yo‘nalishda, ya’ni davlat tilini boshqa millatlar vakillariga o‘rgatish barobarida ularning tillari rivojini ta’minlash bo‘yicha ham yaqinda “O‘zbek tili bayrami” kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarda ko‘p marotaba aytildi, amaliy choralar belgilandi.
Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan O‘zMTRK tizimida “Do‘stlik” axborot-ma’rifiy dasturlar tahririyatini tashkil etish belgilangan.
O‘ylaymizki, mamlakatimizda qabul qilingan “ 2019-2021 yillarda Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar millatlararo munosabatlarni yangi bosqichga ko‘taradi, Asosiy qonunimizning g‘oyalari, har bir moddasi barhayot va hayotbaxsh ekanligidan dalolat beradi. O‘zbekistonning millatlararo totuvlikni ta’minlashdagi boy tajribasi esa, bir qator davlatlar uchun ibrat bo‘lishi mamlakatimizning xalqaro maydonidagi nufuzi ni ko‘taradi.
Shoqahhor Salimov, O‘zA