Konstitutsiya – tinchlik, taraqqiyot va farovonlik poydevori
Davlat va ijtimoiy tuzumning asosiy tamoyillari va qadriyatlarini belgilab beruvchi yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilinishi O‘zbekistonning siyosiy va huquqiy hayotida muhim hodisa bo‘lib, mamlakat taraqqiyotiga yangicha turtki bo‘ldi.
Ushbu tarixiy hujjat hokimiyat institutlarini takomillashtirish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va boshqaruvning demokratik tamoyillarini rivojlantirishga bo‘lgan intilishini o‘zida aks ettiradi, davlatimiz oldiga muhim vazifalarni belgilab beradi.
O‘tgan yillar siyosat va qonunchilikdagi turg‘unlik dolzarb muammolarni hal qilishda tushunmovchilik va samarasizlikka olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. Shu bois yangilangan Konstitutsiya odillik, tenglik va inson huquqlarini hurmat qilish asosiy o‘rin egallaydigan zamonaviy davlat tizimi sari muhim qadam bo‘ldi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani tayyorlash keng muhokama va jamoatchilikni jalb qilish orqali amalga oshirildi. O‘zbekiston xalqi qonun ijodkorligi jarayonining faol ishtirokchisi bo‘ldi, bu esa keng qonuniylikni ta’minlash va yangi huquqiy tartibni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yangilash jarayonida uning asosiy qoidalari har tomonlama tahlil qilindi va qayta o‘rganildi. Bu esa hujjatni yanada zamonaviylashtirdi, fuqarolarning manfaatlariga moslashtirildi. Ayni damda demokratiyani mustahkamlash va fuqarolar huquqlarini himoya qilishga urg‘u berildi.
Fuqarolik birlashmalari va jamg‘armalar, siyosiy partiyalar, notijorat tashkilotlar kabi fuqarolik jamiyati institutlarining faol roli demokratik taraqqiyot sari qo‘yilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi. O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida jamoatchilik siyosatini shakllantirish va davlat organlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishda ularning ishtiroki belgilangan. Yangilanishlarning bu jihati adolatli va rivojlangan jamiyatni barpo etishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi insonning huquq va erkinliklariga ustuvor ahamiyat bergan, ularni asosiy qadriyat deb e’tirof etgan holda, jinsi, ijtimoiy kelib chiqishi yoki dinidan qat’i nazar, barchaning qonun oldida tengligini alohida ta’kidlaydi. Masalan: Konstitutsiyaning 34-moddasida davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari har kimga o‘z huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishish imkoniyatini ta’minlashi shart”, – deyiladi.
Mamlakatimizda axborot va so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan axborot sohasining faol transformatsiyalanishi kuzatilmoqda. Bunday yondashuv odillik va inklyuzivlik tamoyilini mustahkamlaydi, jamiyatni yanada ochiq va demokratlashtiradi. So‘z erkinligining mustahkamlanishi, etnik, diniy va ijtimoiy ozchilikning huquqlarini himoya qilish mexanizmining kuchaytirilishi hamda jamoatchilik tashkilotlarining bu jarayonda faol ishtirok etishida muhim qadam bo‘ldi. Yangilangan Konstitutsiya bugungi chaqiriqlar va jamiyatning yangi talablarini hisobga olibgina qolmay, mamlakatimizning har bir fuqarosi uchun ijtimoiy-iqtisodiy istiqbollarni yaratishga xizmat qiladigan me’yorlarni ham belgilaydi.
Shuningdek, oilalar va bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va uy-joy masalalari bo‘yicha ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ham muhim jihatlardan biridir. Xususan, yoshlarning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida o‘z salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishi uchun munosib ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar yaratilgani, shuningdek, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar kutilayotgan samaralar berayotganini dunyoning rivojlangan mamlakatlari tajribasi tasdiqlaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 79-moddasida davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirishi belgilangan. Shunga o‘xshash qoidalar Vengriya, Italiya, Polsha va boshqa ko‘plab xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyalarida mavjud. Mazkur standartlar BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan yoshlar strategiyasi, Yoshlar bo‘yicha Butunjahon harakatlar dasturi va O‘zbekistonda 2025 yilgacha yoshlarga oid davlat siyosatini rivojlantirish konsepsiyasiga ham mos keladi. Bu qadamlar har bir fuqaro o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun qulay ijtimoiy muhit yaratishga qaratilgan.
Shunday qilib, O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi barqaror iqtisodiy o‘sish, tadbirkorlikni rag‘batlantirish uchun ishonchli asoslarni yaratadi va kelgusi rivojlanish bosqichida strategik ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beradi. Asosiy maqsad – mamlakatimizning innovatsiyalar, texnologik taraqqiyot va yuqori darajadagi raqobatbardoshlikka asoslangan global iqtisodiy tizimga integratsiyalashuvidir. Global tashqi siyosiy chaqiriqlar sharoitida O‘zbekiston boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro hurmat va tushunishga asoslangan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga intiladi.
O‘zbekiston hamkorlik, bilim, texnologiyalar va tajriba almashish uchun qulay muhit yaratishga hissa qo‘shgan holda, mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarda faol ishtirok etib kelmoqda. Davlatimiz Konstitutsiyada mustahkamlangan tamoyillarga rioya qilgan holda, o‘z xalqining hayot darajasini yaxshilashga, jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilmoqda.
Abduaziz XIDIROV, O‘zA muxbiri