O‘zbekiston Prezidenti Xitoyning "CAMCE" korporatsiyasi bilan hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni Pekin shahrida "China CAMC Engineering" kompaniyasi raisi Van Boni qabul qildi.
"CAMCE" Xitoyning injiniring xizmatlarini ko‘rsatuvchi hamda sanoat va infratuzilma sohalarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi yetakchi korporatsiyasidir.
Kompaniya yurtimizda katta ish tajribasiga ega. Bugungi kunda "CAMCE" 2025-yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida olimpiya shaharchasi qurilishida ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda qo‘shma loyihalarni ko‘paytirishning amaliy jihatlari, jumladan, mamlakatimiz hududlarida gidrotexnik inshootlar va Yangi Toshkentda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy qilish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari qo‘shma loyihalar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga topshiriq berdi.