SIYOSIY PARTIYALARNING MUDDATIDAN ILGARI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVIDA ISHTIROK ETISHIGA RASMAN IJOZAT BERILDI
2023-yil 15-may kuni Markaziy saylov komissiyasining muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bagʻishlangan navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etdilar.
Majlisda siyosiy partiyalarning muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.
Saylov kodeksiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar
va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi hamda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishga ijozat berishni soʻrab taqdim qilgan hujjatlarini koʻrib chiqib, mazkur partiyalarga 2023-yil 9-iyul kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, majlis doirasida, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga saylovda ishtirok etishga ijozat berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma hamda belgilangan namunadagi imzo varaqalari blankalari topshirildi.
Majlisda qabul qilingan qarorlar Markaziy saylov komissiyasining veb-saytiga joylashtiriladi hamda ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar markaziy matbuotda eʼlon qilinadi.