Toshkent metrosida Qo‘yliqdan Sergeligacha 15 daqiqada borish mumkin bo‘ladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-fevral kuni Toshkent metropolitenidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Inson uchun o‘z mehnatlari samarasini ko‘rish, odamlarga quvonch ulashish – katta baxt. Mamlakatimizda xalqning mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan bunday xayrli ishlar juda ko‘p.
Birgina transport sohasini olganda, so‘nggi yillarda ulkan loyihalar amalga oshirildi. 2020-yil avgustda Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi ishga tushirilgan edi. O‘sha yil dekabrda Sergeli yo‘nalishi ochildi. Bugungi kundagi yo‘lovchilar oqimidan bilish mumkinki, bu loyihalar o‘zini to‘la oqladi.
Bu ishlar izchil davom ettirilib, mazkur ikki yo‘nalishni bog‘lovchi Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan metropoliten barpo etilmoqda. Qariyb 12 kilometrlik bu qismda 7 ta bekat bo‘ladi. Ayni kunlarda uning Quruvchilar dahasigacha borgan 5 ta bekati qurib bitkazildi.
Davlatimiz rahbari ushbu transport inshootini borib ko‘rdi. Nuroniylar va faollar bilan suhbatda loyihaning ahamiyati haqida so‘z bordi.
- Oxirgi yillarda bu borada ham tajriba to‘pladik. Qo‘yliq yo‘nalishida 7 ta, Sergelida 5 bekatli yerusti metrolari qurildi. Oldin Toshkent metropolitenidan 240 ming yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, bugungi kunda 600 mingdan oshdi. Rejamiz - 1 million yo‘lovchi. Agar o‘z vaqtida buni boshlamaganimizda, shahar transportida kollaps bo‘lishi mumkin edi. Endi muqobil energetikani ham o‘rganmasak bo‘lmaydi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz jamoatchilik vakillari bilan birga metroda yurdi.
Quruvchilar dahasidan Qipchoq bekatigacha bo‘lgan qariyb 4 kilometrlik metro yo‘li ham yaqin oylarda ishga tushiriladi. Shu tariqa, Qo‘yliq va Sergeli orasidagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo‘nalish bir kunda 40 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.
Buning evaziga shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etiladi. Xususan, Qo‘yliq – Sergeli yo‘nalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 40 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12 foiz kamayishi mumkin.
Umuman, ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod, bekatlar soni 50 ta bo‘ladi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 650 minggacha yetadi. 245 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.