Yangilanayotgan Konstitusiya –chinakam xalq Konstitusiyasi, Yangi O‘zbekistonni barpo etishning huquqiy poydevori
Insoniyat tarixiga nazar tashlar ekanmiz, farovon jamiyat barpo etishni orzu qilgan, inson qadri aziz bo‘lgan adolatli davlat qurishni o‘z oldiga maqsad qilgan har qanday xalq davlat va huquq taraqqiyotining mashaqqatli va sharafli yo‘lini bosib o‘tganiga guvoh bo‘lamiz.
So‘nggi yillarda xalqimiz yangi ulug‘vor marralar sari sobit qadamlar tashlagancha barcha to‘siq va qiyinchiliklarni yengib o‘tib, mohiyatan bir-birini taqozo etuvchi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy sohalardagi izchil islohotlarni amalga oshirmoqda. Bugun Yangi O‘zbekiston demokratik tamoyillar, inson huquq va erkinliklari borasida umume'tirof etilgan prinsip va normalarga asoslangan, bosh maqsadi xalq uchun erkin, obod hamda farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatga aylandi.
Shunday ezgu maqsadlardan biri aholining keng qatlami va saylovchilar xohish-irodasi bo‘lmish konstitusiyaviy islohotlarni amalga oshirishdan iborat bo‘ldi. Negaki davlat va jamiyatda tub o‘zgarishlar ro‘y berayotgan bir paytda tabiiy ravishda Konstitusiyaga jiddiy o‘zgartirishlar kiritish taqozo etiladi. Zero, har qanday demokratik islohotlar chin ma'noda xalqchil konstitusiyaviy asosga ega bo‘lsagina, yanada bardavom bo‘ladi, ko‘zlangan ezgu maqsadlarga erishadi.
Xalq — Konstitusiya ijodkori
Prezidentimiz joriy yilning 20 iyunida Konstitusiyaviy komissiya a'zolari bilan uchrashuvda yangilangan Konstitusiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim ekanini alohida ta'kidlab o‘tgan edi.
Bu ayni haqiqatdir. Zero, har qanday Konstitusiya hayotiy bo‘lishi lozim, ya'ni u mamlakatning ijtimoiy va huquqiy voqeliklariga, xalqning orzu-umidlari va kelajak istiqboliga, xususan, zamon talabiga mos kelishi kerak.
Davlatimiz rahbari yangilanayotgan Konstitusiyamiz “Xalq — qonunlarning yagona manbai va muallifidir” hamda “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi”, degan tamoyillarga asoslanib ishlab chiqilsagina, tom ma'noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi — haqiqiy xalq Konstitusiyasi bo‘lishini alohida ta'kidladi.
Konstitusiyaviy komissiya o‘z faoliyatini aynan shu ko‘rsatmalarga hamda ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga tayangan holda amalga oshirib kelmoqda.
Bugungi kunda nafaqat xalqimiz, balki jahon hamjamiyati, xorijiy olimlar va ekspertlar ham yangilanayotgan Konstitusiyamizning asosiy muallifi va ijodkori tom ma'noda O‘zbekiston xalqi ekanini alohida e'tirof etmoqda.
Aholining talab va istaklarini inobatga olgan holda hamda konstitusiyaviy qonun loyihasini xalqimiz bilan har tomonlama muhokama qilish, loyihani pishiq-puxta maromiga yetkazish maqsadida umumxalq muhokamasini o‘tkazish muddati ikki marta uzaytirildi. Negaki har bir fuqaroning qalbidan joy olgan, uning huquq va erkinligini to‘liq kafolatlagan xalqchil Konstitusiyani yaratish chuqur ilmiy-amaliy tahlilni, munozara, mulohaza va muayyan vaqtni talab qiladi.
Deputatlar tomonidan hududlarga chiqib, davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda yoshu keksa ishtirokida qator uchrashuvlar tashkil etilib, konstitusiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirish ishlari olib borildi. Bundan tashqari, bu boradagi milliy va xalqaro darajadagi anjumanlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar ham yuqori saviyada tashkil etilmoqda.
Konstitusiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqish va uning muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq muhokamasi jarayonida “1341” raqamli koll-markaz, fuqarolarning bevosita qabuli orqali, “Meningkonstitutsiyam.uz” platformasi hamda jamoaviy takliflar asosida jami 220 mingdan ziyod taklif kelib tushdi. Bu takliflarning 56 foizi erkaklar, 40 foizi ayollar tomonidan, 4 foizi esa anonim tarzda bildirilgan. Unda xorijdagi vatandoshlar yuborgan takliflar ham inobatga olingan va ilmiy hamjamiyat ishtirokida muhokama qilinib, Konstitusiyaviy komissiyaga taqdim etilgan. Eng dolzarb takliflar qonun loyihasida o‘z aksini topmoqda.
O‘z navbatida, konstitusiyaviy qonun loyihasini qonunchiligimizga to‘la mos ravishda tashkil qilingan umumxalq muhokamasi fuqarolar konstitusiyaviy islohotlar, mamlakatimizdagi demokratik jarayonlarning tashabbuskori va faol ishtirokchisi bo‘lib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamasi bosqichi tugallanganiga qaramay, fuqarolar hamda keng jamoatchilik tomonidan Konstitusiyaning turli moddalarini takomillashtirish va unga qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha shu kungacha 2,5 mingdan ortiq taklif yuborilgan bo‘lib, ayni paytda takliflar kelishi davom etmoqda hamda ular deputatlar tomonidan puxta o‘rganilmoqda. Tahlillar ko‘rsatmoqdaki, aholimiz mening Konstitusiyam mening haq-huquqimni himoya qilsin, farovon kelajak sari intilishimga huquqiy jihatdan yo‘l ochsin, deyapti.
Shu bois, konstitusiyaviy qonuni loyihasini tayyorlashda amaldagi Konstitusiyada bizga nima to‘g‘ri kelmaydi, undan nimani saqlab qolish lozim, qanday yangi o‘zgartirish kiritish kerak, u xalqimizni huquq va erkinliklarini nechog‘liq ta'minlab beradi, yoshlarimizning talab-ehtiyojlari, qolaversa, kelajakdan umidlari qanday, degan qator dolzarb savollarga javob berishi zarur bo‘ladi.
Binobarin, har tomonlama mukammal, xalqchil, aholining turli qatlamlari vakillarining muammolari yechimiga kafolat bo‘la oladigan Konstitusiyani yaratish uchun xalq bilan bamaslahat ish olib borish kerak. Toki, har bir fuqaro bu bizning Konstitusiyamiz, uning muallifi — biz, deb baralla ayta olsin.
Konstitusiyaviy ijodkorlik: jamoatchilik va fuqarolik jamiyati ishtiroki
Nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, huquqshunos olimlar, akademik hamjamiyat, “aql markazlari”ning konstitusiyaviy islohotlardagi faol ishtirokini e'tirof etish lozim.
Konstitusiyaviy islohotlarda jamoatchilik, xususan, fuqarolik jamiyati institutlari ishtiroki — chinakam xalq Konstitusiyasi garovi.
Negaki “Inson — jamiyat — davlat” konstitusiyaviy tamoyilini amalga oshirish adolatli va ochiq fuqarolik jamiyatining konstitusiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash, uning institutlari roli va mavqeini oshirish bilan uzviy bog‘liqdir.
Konstitusiyaviy islohotlar jarayonida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda qayd etilgan tavsiyalar, YeXHTning, jumladan, Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi, Asosiy huquqlar bo‘yicha Yevropa Ittifoqi xartiyasi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida jamiyatning barcha qatlamlari vakillarini davlat va jamiyat boshqaruvi jarayonlariga jalb etish bo‘yicha qabul qilingan xalqaro va mintaqaviy huquqiy hujjatlar alohida hisobga olindi.
Fuqarolik jamiyati institutlarini tashkil etish va ular faoliyati asoslarini konstitusiyaviy jihatdan tartibga solishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari roli va ahamiyatini tubdan oshirish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘rildi. 200 dan ortiq akt, xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi amalga oshirilmoqda.
Natijada oxirgi besh yil davomida nodavlat notijorat tashkilotlar soni 22 foiz oshdi, jumladan, respublika bo‘yicha 200 ga yaqin yirik nodavlat notijorat tashkilot faoliyat boshladi. Bugungi kunda ushbu fuqarolik jamiyati institutlari inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini ta'minlash hamda himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda bag‘rikenglik va inson huquqlariga doir madaniyatni shakllantirish, barqaror rivojlanishning eng asosiy vazifalari ijrosida muhim rol' o‘ynamoqda.
Xorijiy mamlakatlar tajribasi ko‘rsatadiki, konstitusiyaviy islohotlar jarayonida keng jamoatchilik ishtiroki katta ahamiyatga ega. Masalan, 2022 yil 29 sentyabr' kuni Toshkentda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori, Yevropa Ittifoqi delegasiyasi va BMT Bolalar jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi ishtirokida o‘tkazilgan “Konstitusiyaviy islohotlarda jamoatchilik ishtiroki: milliy va xalqaro tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari qabul qilgan hujjatda O‘zbekistonda konstitusiyaviy islohotlar milliy o‘zlikni anglash va siyosiy, ijtimoiy-ma'naviy taraqqiyot garovi ekani, ushbu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rni va maqomi e'tirof etildi. “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” tamoyilini konstitusiyaviy mustahkamlash masalasi ham anjuman ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Zero, mazkur omil xalqparvar davlatni bunyod etishning eng muhim shartidir.
Konstitusiyaviy islohotlar: xalqaro va xorijiy tajriba
Konstitusiyaviy islohot barqaror rivojlanishning zarur yuridik zamini, deyish mumkin. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, har bir fuqaroning ongi va shuuridan joy olgan, uning huquq va erkinligini to‘liq kafolatlagan Konstitusiyamiz chinakam qomusga aylanishi kerak.
Ilg‘or konstitusiyaviy tajribani o‘rganib, puxta o‘ylagan holda, bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish Konstitusiyaviy komissiyaning muhim vazifalaridan biri bo‘ldi. Negaki jahon amaliyoti islohotlarni izchil amalga oshirishda aynan jamiyat va davlatni modernizasiya qilishning konstitusiyaviy-huquqiy asosini rivojlantirish muhim ahamiyatga egaligini ko‘rsatyapti.
BMT, YeXHT, ShHT, YeI, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida qabul qilingan 400 dan ortiq konvensiya, deklaratsiya, rezolyusiya hamda konstitusiyaviy rivojlanish borasidagi xalqaro tajriba o‘rganib chiqildi, 193 mamlakat Konstitusiyasi, konstitusiyaviy islohotlari tizimli ravishda tahlil etildi.
Darhaqiqat, jahon tajribasini sinchiklab tahlil qilar ekanmiz, bugun dunyoda hech bir davlatning Konstitusiyasi ilk bor qabul qilingan tahririda saqlanib qolinmaganiga guvoh bo‘lamiz. Birgina XXI asrda dunyoning 90 ga yaqin davlatida konstitusiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi, 57 tasida yangisi qabul qilindi.
Bu borada eng ko‘p o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritgan o‘n mamlakat sirasiga Meksika, Yangi Zelandiya, Braziliya, Shveysariya, Avstriya, Isroil, Chili, Kolumbiya, Gruziya va Hindiston kiradi.
Turli mamlakatlardagi konstitusiyaviy o‘zgartishlar, asosan, tashqi hamda ichki tahdid va xatarlarni inobatga olgan holda, ularga javob berishga qaratilgani bilan o‘zaro o‘xshashligini ta'kidlash joiz. Zamonaviy konstitusiyalar bundan yuz yil oldin unchalik ko‘zga tashlanmagan yangidan-yangi — atrof-muhit, gender tenglik, inson, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kelajak avlod huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi dolzarb masalalarni qamrab olgan.
Xalqaro va xorijiy tajribani chuqur tahlil etish va o‘rganishlar asosida “Jahon konstitusiyalari”, “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar konstitusiyalari”, “Konstitusiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlari tajribasi” (5 jildlik) kabi
10 dan ziyod asar yaratildi. Ular asosida konstitusiyaviy qonun loyihasi va islohotlarga oid fikr-mulohazalar, takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Jahon konstitusiyalari” nomli ilmiy-tahliliy to‘plam o‘zbek tilida nashr qilingani esa ayni muddao bo‘ldi.
Kitobxonlar e'tiboriga havola etilgan to‘plam jahonning eng ilg‘or 11 davlati — AQSh, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Italiya, Pol'sha, Chexiya, Iordaniya, Slovakiya, Fransiya, Yaponiyaning konstitusiyaviy tuzumi to‘g‘risidagi qisqacha ocherklar va konstitusiyalarning rasmiy matnidan tashkil topgan. Har bir ocherkda mamlakat nomi, hududi, aholisi, diniy e'tiqodi, davlat tuzilishi va siyosiy partiyalari haqida qisqacha tahliliy ma'lumotlar keltirilgan.
“Jahon konstitusiyalari” kitobini yaratishdan bosh maqsad O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlar jarayonida jamoatchilikni dunyo mamlakatlari konstitusiyalari bilan tanishtirishdan iborat, — deb yozilgan to‘plamning kirish so‘zida. Zero, Konstitusiya muhim siyosiy-huquqiy hujjat sifatida insoniyat tamaddunining yutug‘i, umuminsoniy qadriyat va demokratik taraqqiyotning yuridik asosidir.
Hozir zamonaviy konstitusiyalarda axborotlashgan jamiyatni shakllantirish, shaxsiy raqamli ma'lumotlar xavfsizligini ta'minlash, ilmiy-texnologik va innovasion rivojlanish kabi elementlarni joriy etish masalalari ham alohida e'tirof etilmoqda. To‘plam mualliflari kitobxon diqqat-e'tiborini aynan shu masalalarga qaratishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘zbek tilida nashr etilgan “Jahon konstitusiyalari” ilmiy-tahliliy to‘plami mamlakatimizda konstitusiyaviy islohotlarni jahon tajribasi asosida amalga oshirishda o‘ziga xos ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Konstitusiyaviy qonun loyihasi: jamoatchilik ekspertizasi
Konstitusiyaviy qonun loyihasi mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba fuqarolik institutlarining bevosita ishtiroki va tashabbusi asosida jamoatchilik, gender, bola huquqlari, inson huquqlari, xususan, nogironligi bor shaxslarning qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini himoya qilish, ijtimoiy davlat qurish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulkni himoya qilish kabi qator yo‘nalishlar hamda aksilkorrupsiya va lingvistik ekspertizalardan o‘tkazildi. Jamoatchilik ekspertizalarida 300 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilot ishtirok etdi.
Fuqarolik jamiyati institutlari takliflari, jumladan, “Inson sha'ni va qadrini ulug‘lash”, yangi “Inson — jamiyat — davlat” paradigmasini hayotga izchil tatbiq etish, xalqchil, adolatli va ijtimoiy davlat qurish, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitusiyaviy mustahkamlash, bolalar, xotin-qizlar va nogironligi bor shaxslar erkinliklari, huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash, ekologik muammolarni hal etish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga qamrab oldi.
O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlarning turli jabhalariga bag‘ishlangan 6 ta respublika va 10 dan ortiq xalqaro forumda jamoatchilik ekspertizasi materiallari sinovdan o‘tkazildi va konstitusiyaviy qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Bu boradagi barcha tadbirlar natijasida fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tomonidan konstitusiyaviy qonun loyihasi yuzasidan 200 dan ortiq taklif ishlab chiqilib, o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga doir takliflarni shakllantirish uchun Konstitusiyaviy komissiyaga kiritildi.
Jamoatchilik ekspertizasi jamiyat va davlat taraqqiyotining “Inson — jamiyat — davlat”, “Inson sha'ni va qadr-qimmati yo‘lida” degan yangi paradigmasi, tamoyillari prizmasi orqali amalga oshirildi.
Konstitusiyaviy qonun loyihasi xalqaro ekspertlar nigohida
Konstitusiyaviy komissiya taklifiga asosan, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar, akademik hamjamiyat, xalqaro va xorijiy nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlikda konstitusiyaviy islohot hamda konstitusiyaviy qonun loyihasining turli yangiliklariga bag‘ishlangan 100 dan ortiq milliy va
40 dan ziyod xalqaro forum, jamoatchilik maslahatlashuvi nafaqat mamlakatimizda, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda (AQSh, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Pol'sha, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Shveysariya, Yaponiya, Hindiston kabilarda) ham o‘tkazildi.
Ularda konstitusiyaviy islohotlar va Konstitusiyamiz yangilanishi jarayonida “Inson — jamiyat — davlat” tamoyilini amalga oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar, yoshlar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari erkinliklari, huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash, ijtimoiy davlat qurish, xususiy mulkni, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi mavzular atroflicha muhokama qilindi. Bu tadbirlarda xalqaro ekspertlar, parlament a'zolari, davlat va jamoat arboblari, siyosatshunoslar ishtirok etib, konstitusiyaviy qonun loyihasi va islohotlar borasida ijobiy fikr-mulohazalari hamda amaliy tavsiyalarini berdi.
Xususan, 2022 yil 20 iyul' kuni “Nogironlar huquqlarining dunyo mamlakatlari konstitusiyalarida aks ettirilishi” mavzusida xalqaro jamoatchilik eshituvi tashkil etildi. Undan maqsad aholining zaif qatlamlari huquqlarini ta'minlash va himoya qilish sohasidagi milliy va xalqaro tajribani o‘rganish, nogironlar huquqlarini kafolatlovchi tamoyillarning dunyo konstitusiyalarida aks ettirilishi, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitusiyaviy qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi. Bu jarayonda qator xorijiy davlatlar konstitusiyalari tahlil qilindi va konstitusiyaviy qonun loyihasiga nogironlarning huquqini ta'minlashga qaratilgan 20 ga yaqin taklif bildirildi.
BMT va Konstitusiya
Hozir O‘zbekistonning BMT va uning barcha tuzilmalaridagi faolligi, qolaversa, nufuzi har qachongidan yuqori. Bugun mamlakatimiz BMT bilan yaqin hamkorlikda 200 dan ortiq loyihani amalga oshirmoqda.
Birgina 2022 yilning o‘zida O‘zbekiston tashabbusi bilan tayyorlangan oltita hujjat BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi. Bu Buxoro deklaratsiyasi; Gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha Xalqaro ko‘p funksiyali transport va logistika markazini tashkil etish to‘g‘risida; Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyasi birgalikda amalga oshirilishining o‘n yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi kabilardir.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkilot Bosh Assambleyasining qator muhim maxsus rezolyusiyalari qabul qilindi. Bundan tashqari, BMTning Orolbo‘yi bo‘yicha trast jamg‘armasi tashkil etildi.
BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YuNESKO, YuNISEF, UNIDO, FAO va global tashkilotning boshqa tuzilmalari bilan samarali amaliy hamkorlik kengaymoqda.
O‘zbekiston konstitusiyaviy islohotlar jarayonida BMT bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Masalan, BMTning N'yu-Yorkdagi qarorgohida O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbatida 40 dan ortiq davlatning Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika mintaqalaridagi missiyalari doimiy vakillari va ekspertlari, shuningdek, BMTning turli tuzilmalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston tarixidagi noyob tajriba — konstitusiyaviy qonun umumxalq muhokamasidan o‘tkazilayotgani, konstitusiyaviy islohot millati, dini, yoshi, jinsi, ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, har bir fuqaroning manfaatlariga mos kelishi, islohotning inklyuzivligini ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlar alohida e'tirof etildi.
Xususan, Ozarbayjonning BMTdagi doimiy vakili Ya.Aliev va Yaponiyaning BMTdagi missiyasi eksperti Sh.Mitsuta Konstitusiyaviy komissiyaning konstitusiyaviy qonun ijodkorligi sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani chuqur o‘rganish faoliyatini yuqori baholadi. U referendum orqali xalqning qo‘llab-quvvatlashi bilan konstitusiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli yakunlanishiga qat'iy ishonch bildirdi.
Germaniyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi maslahatchisi M.Koll Konstitusiyani yangilashda O‘zbekiston tomonidan qo‘llanilayotgan yondashuv islohotlarning inklyuziv va keng qamrovliligini ta'minlash, davlat oldida turgan vazifalarni samarali hal etishning yorqin namunasi ekanini ta'kidladi.
Mazkur xalqaro davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekiston Konstitusiyasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish bo‘yicha kun tartibi maqsadlari bilan uyg‘un ekanini alohida qayd etdi.
Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungongning ta'kidlashicha, BMTning Jenevada (Shveysariya)gi qarorgohida tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etgan 30 dan ortiq xalqaro tashkilot tomonidan mamlakatimizdagi konstitusiyaviy islohotlar ijobiy baholangan va qo‘llab-quvvatlanmoqda.
M.Chungong konstitusiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ayollar va qizlarning qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta'minlashning konstitusiyaviy-huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish ekaniga alohida e'tibor qaratdi. Konstitusiyamizga taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi norma hamda tamoyillariga to‘liq mosligiga urg‘u berdi.
Barcha tadbirlar bo‘yicha yakuniy hujjatlar qabul qilinib, Konstitusiyamiz va qonunchilikni takomillashtirish masalalari tahlil etildi, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining konstitusiyaviy qonun loyihasiga rasmiy sharhlari va takliflari olindi.
Qator halqaro tashkilotlar va ekspertlar konstitusiyaviy qonunning umumxalq muhokamasi BMTning konstitusiyaviy islohotlarni o‘tkazish borasidagi tegishli tavsiyalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning tegishli hujjatlari, dunyoda zamonaviy konstitusiyaviy rivojlanish tendensiyalari, shuningdek, “Xalq — qonunlarning yagona manbai va muallifidir” ustuvor tamoyiliga to‘la-to‘kis rioya qilingan holda amalga oshirilgan, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, ushbu konstitusiyaviy qonunning umumxalq referendumi asosida qabul qilinishi maqsadga muvofiqligini ta'kidlamoqda.
Konstitusiya va OAV
Aholiga konstitusiyaviy qonun loyihasini keng tanishtirish, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda har bir moddaning keng muhokamasini tashkillashtirish, fuqarolar fikrini o‘rganish, bu borada aholi turli qatlamlari va Konstitusiyaviy komissiya o‘rtasida mustahkam aloqani ta'minlashda minglab jurnalist va bloger ishtirok etmoqda.
Muhokamalarda “eng qiyin”, “noqulay”, avval “o‘ta nozik” ko‘rilgan turli masalalar ham, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy sohaga yoki ekologiya, gumanitar va boshqa sohalarga taalluqliligidan qat'i nazar, o‘rtaga tashlandi. Jamiyatdagi fikrlar va g‘oyalar xilma-xilligi, ular orasidagi raqobat yaqqol namoyon etildi.
So‘zsiz, bu ham o‘ziga yarasha bir indikator bo‘lib, O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitusiyasi haqiqiy xalq Konstitusiyasi ekanini ta'minlashga hamda har bir moddani aholi fikrini inobatga olib, sayqallashga xizmat qilmoqda.
Konstitusiyaviy komissiyaning Matbuot xizmati ikki yo‘nalishda faoliyat yuritmoqda. Birinchi yo‘nalishda konstitusiyaviy islohotlar OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilmoqda. Davlat va nodavlat telekanallar, radiokanallar, bosma nashrlarda Konstitusiyaviy komissiya faoliyati, fuqarolardan kelib tushayotgan takliflarni ko‘rib chiqish jarayonlari, turli soha vakillari ishtirokida interv'yu, davra suhbatlarini tashkil etish bo‘yicha mediareja ishlab chiqildi va u asosida medialoyihalar tashkil qilinmoqda.
Xususan, 20 maydan 18 noyabrga qadar davlat telekanallarida 7401, nodavlat telekanallarda 7167, jami 14 ming 568 lavha, interv'yu, informasion va maxsus ko‘rsatuv efirga uzatildi.
Davlat radiokanallarida 2151, nodavlat radiokanallarda 1947, jami 4098 informasion va maxsus eshittirish tashkil qilindi.
Markaziy bosma nashrlarda 786, hududiy bosma nashrlarda 584, jami 1370 maqola chop etildi.
Konstitusiyaviy komissiya a'zolari va ekspertlarning OAVda muntazam chiqishlari tashkil etilmoqda.
Konstitusiyaviy islohotlar yuzasidan internet nashrlarida 7726 ta, “Telegram”, “Facebook”, “Instagram”, “YouTube” kabi ijtimoiy tarmoqlarda 52 ming 550 ta, jami 60 ming 276 ta axborot materiali e'lon qilindi.
Shuningdek, Konstitusiyaviy komissiya Matbuot xizmatining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari va www.meningkonstitutsiyam.uz internet portaliga komissiya faoliyati hamda konstitusiyaviy islohotlar yuzasidan axborotlar berib borilmoqda.
Konstitusiyaviy komissiya Matbuot xizmatining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida shu kungacha jami 1095 dan ortiq axborot materiali (o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida) joylashtirildi.
Ikkinchi yo‘nalishda Konstitusiyaviy komissiya Matbuot xizmati tomonidan tashkiliy chora-tadbirlar va monitoring tahlil ishlari amalga oshirilmoqda.
Konstitusiyaviy islohotlarni targ‘ib qilishga qaratilgan 550 dan ortiq reportaj, videorolik tayyorlanib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishi ta'minlanmoqda. Shuningdek, komissiya, komissiya huzuridagi guruhlar ish jarayonlari, Matbuot xizmati faoliyati hamda fuqarolardan takliflar kelib tushishi jarayonlari aks etgan 95 ta “Backstage” reportaj suratga olinib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilinmoqda.
Konstitusiyaviy islohotlar, ularning mazmun-mohiyati, bu borada soha mutaxassislari, komissiya a'zolari, qolaversa, faol jamoatchilik vakillari bildirgan fikr-mulohazalari bilan mushtariylarni tanishtirib borish maqsadida “Konstitusiyaviy islohotlar gazetalar nigohida” tahliliy sharhlarining 14 soni tayyorlandi va keng yoritilishi tashkil qilindi (o‘zbek va qoraqalpoq tillarida).
Jumladan, www.meningkonstitutsiyam.uz internet portalida ro‘yxatdan o‘tish va takliflarni yuborish bo‘yicha maxsus videoqo‘llanma tasvirga olinib, yoritilishi, davlat va nodavlat telekanallarda targ‘ib qilinishi natijasida portaldan foydalanuvchilar soni keskin ortib, bugungi kun holatiga ko‘ra, 73 ming 600 nafarni tashkil etmoqda. Shuningdek, fuqarolardan kelib tushayotgan takliflarga portal foydalanuvchilari tomonidan 15 ming 872 ta izoh hamda 384 ta qo‘shimcha taklif qoldirilgan.
3, 8 va 15 iyun' kunlari barcha mobil' aloqa operatorlari orqali fuqarolarga o‘z takliflari bilan konstitusiyaviy islohotlar jarayonida faol bo‘lishga qaratilgan sms-xabarnomalar yuborilishi tashkil qilindi. Mazkur smslar 30 million abonentga yuborildi. Umuman, konstitusiyaviy islohotlar jarayonida o‘z takliflari bilan faol qatnashgan barcha fuqarolarga minnatdorlik sms-xabarnomalari yuborilmoqda.
Konstitusiyaviy islohotlar yuzasidan internetda e'lon qilingan axborot materiallari foydalanuvchilar tomonidan 270 million martadan ortiq ko‘rilgan va 122 mingdan ortiq izoh qoldirilgan.
“Dunyo” axborot agentligi esa rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan xalqaro darajadagi anjumanlar va xorijiy davlatlar jamoatchiligi fikrlarini, OAVda berilgan maqolalar sharhini muntazam ravishda yoritib bordi.
Umuman, yuqoridagilarni inobatga olib hamda bugungi kunda xalqimiz berayotgan takliflarni, mamlakatimizdagi islohotlarning konstitusiyaviy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash masalalarini ham har tomonlama o‘rganish zaruriyatidan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi konstitusiyaviy qonunni yanada takomillashtirish borasida qaror qabul qildi.
Akmal SAIDOV,
Konstitusiyaviy komissiya raisi