O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-dekabr kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qirg‘iziston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh Qirg‘iziston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq O‘zbekiston-Qirg‘iziston yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yaqinda muhim ikki tomonlama hujjatlar – Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risida shartnoma va Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risida bitim imzolangani va ratifikatsiya qilingani amaliy hamkorlikning chuqurlashishiga, davlatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari oshib bormoqda – yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga yetdi. O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot fondi o‘z faoliyatini boshladi, sanoat, energetika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa tarmoqlarda bir qator kooperatsiya loyihalari birgalikda amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston – Qirg‘iziston - Xitoy” temir yo‘li va Qambarota gidroelektr stansiyasini qurish bo‘yicha yirik mintaqaviy loyihalarga faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Davlat rahbarlari bo‘lajak muloqotlarning kun tartibini sifat jihatidan boyitish maqsadida savdo shartnomalari va investitsiya dasturlari portfelini kengaytirish muhimligini qayd etdilar.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.