O‘zbekiston va Vengriya yetakchilari o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor loyihalarini muhokama qildilar
10-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq amaliy hamkorlikni kengaytirish va ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Faol ishbilarmonlik aloqalari, jumladan, shu kunlarda ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokida o‘tkazilayotgan qo‘shma biznes forum samarali natijalar berayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Sanoat, kimyo tarmog‘i, farmatsevtika, bank-moliya, transport va logistika sohalarida, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Biznes tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mexanizmlar yaratish ishlarini tezlashtirishga kelishib olindi.
Gumanitar almashinuv dasturlarini, eng avvalo, ta’lim, madaniyat va kinematografiya sohalarida faol davom ettirish muhimligi taxkidlandi.