Xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik yoshlar uchun sayyor qabullar tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a'zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2022 yil 1 mart kuni qabul qilingan qarorida xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik yoshlar uchun sayyor qabullar tashkil etish belgilangan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ma'lum qilinishicha, ushbu qaror ijrosini ta'minlash hamda xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik yoshlarning muammolarini o‘rganish va ularning murojaatlari asosida amaliy yordam berish maqsadida joriy yilning 15 - 24 avgust kunlari Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiyada sayyor qabullar tashkil etiladi.
Sayyor qabullarda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi vakillari ishtirok etadi.
Sayyor qabullarning vaqti va joyi to‘g‘risidagi ma'lumotlar qo‘shimcha ravishda ma'lum qilinadi.