«Argumenti i fakti»: Konstitusiyaviy islohot 1992 yilda qabul qilingan Asosiy qonunning bir qator fundamental qoidalariga ta'sir qiladi
Rossiyaning ommabop «Argumenti i fakti» haftanomasi sahifasida Rossiya hukumati huzuridagi Qonunchilik va qiyosiy huquq instituti yetakchi ilmiy xodimi, yuridik fanlar nomzodi Sergey Chirkinning O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlar mavzusiga bag‘ishlangan maqolasi e'lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«O‘zbekiston — juda qadimiy an'ana va tarixga ega mamlakat. O‘zbek xalqi jahon va Islom sivilizasiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlarni Konstitusiyaning puxta ishlab chiqilgan huquqiy normalarida mustahkamlagan holda zamonaviy taraqqiyotning ko‘pgina savollariga javob berish vaqti keldi», deb yozadi ekspert.
Maqolada qayd etilishicha, konstitusiyaviy islohot 1992 yilgi Konstitusiyaning bir qator fundamental qoidalariga ta'sir qiladi, o‘zgartiradi va to‘ldiradi. Prezident Shavkat Mirziyoev Asosiy qonunni yangilashda to‘rtta ustuvor yo‘nalishni belgilab berdi. Konstitusiyani yangilashning birinchi yo‘nalishi inson huquq va erkinliklari, uning hayoti, sha'ni, qadr-qimmati hamda manfaatlaridan iborat. Ushbu konstitusiyaviy vazifaning bajarilishi, birinchi navbatda, 1992 yilgi Konstitusiyaning muqaddimasi tahririda o‘z aksini topadi va qayta ko‘rib chiqilishi har jihatdan maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Muallif yangilanadigan Konstitusiya loyihasiga barcha sohalar bo‘yicha kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni keltirar ekan, ularni «ijtimoiy», deb atadi.
Uning yozishicha, keng ko‘lamli o‘zgarishlar boshlanmoqda. Biroq ularning Konstitusiyada mustahkamlanishi undan ham muhim bosqichinng boshlanishini, ya'ni ular qonun ijodkorligi faoliyati orqali amalga oshirilishini anglatadi.
«Konstitusiya muqaddimasida mustahkamlab qo‘yilgan O‘zbekiston tashqi siyosatining tamoyillari: O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar bilan bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, hamkorlik va hurmat, tinchlik, totuvlik asosidagi ahil, do‘stona munosabatlarini mustahkamlash istagi barcha tashabbuslar muvaffaqiyatining muhim sharti bo‘ladi», deya xulosa qiladi «Argumenti i fakti» gazetasi.