ShHT bosh qarorgohida O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi
Shanxay hamkorlik tashkilotining Pekindagi bosh qarorgohida “Yangi O‘zbekistonda Konstitusiyaviy islohotlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tadbir O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi, O‘zbekiston «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va Shanxay hamkorlik tashkiloti Kotibiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda ShHT Kotibiyati rahbariyati, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi mas'ullari, ShHTga a'zo davlatlar elchilari va diplomatlari, Xitoy ekspert-tahlil doiralari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Asosiy ma'ruzachilar sifatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi direktori Eldor Tulyakov onlayn tarzda so‘zga chiqdi.
Forum ochilishida ShHT Bosh kotibi Chjan Min mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni, «Yangi O‘zbekiston» barpo etish yo‘lidagi izchil qadamlarni yuksak baholadi.
«Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining muhim bosqichini amalga oshirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida respublikada keng ko‘lamli islohotlar dasturi davom etmoqda. O‘zbekistonga tashriflarim chog‘ida mamlakatdagi ulkan o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldim».
ShHT Bosh kotibi O‘zbekistonda aholining malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sifatli ta'lim, ijtimoiy himoya va sog‘lom ekologik muhitni ta'minlashga e'tibor kuchaytirilayotganini ta'kidladi. «Bu ijtimoiy davlat tamoyillariga aynan mosdir».
– O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan ochiq va faol tashqi siyosat mamlakatning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston xalqaro jarayonlarning muhim ishtirokchisi bo‘lib, mintaqaviy hamkorlikka jadal sur'at bag‘ishlamoqda, ShHT makonida tinchlik va barqaror rivojlanishga muhim hissa qo‘shmoqda”.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari akademik Akmal Saidov konstitusiyaviy islohotlar O‘zbekistonni barqaror rivojlanishi, xalq farovonligini bardavom yuksaltirish, milliy taraqqiyotimizning keng qamrovli vazifalarini amalga oshirish uchun huquqiy poydevorni yanada mustahkamlashga qaratilganini ta'kidladi.
Konstitusiyaviy islohotlarning asosiy tashabbuskori O‘zbekiston xalqi ekani, bu jarayonda taraqqiyotimizning birlamchi tamoyili sifatida «Inson-jamiyat-davlat» tamoyili qaror topayotgani aytildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan konstitusiyaviy islohotlar umumxalq referendumi orqali amalga oshirilishi alohida qayd etildi. Ma'ruzachi davlatimiz rahbarining quyidagi so‘zlaridan iqtibos keltirdi: «Bu tom ma'noda xalqimizning xohish-irodasi – haqiqiy xalq Konstitusiyasi bo‘ladi. Konstitusiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir. Shunda har bir yurtdoshimiz «O‘zbekistonning yangi Konstitusiyasi – bu mening Konstitusiyamdir», deb g‘urur bilan ayta oladi».
Shuningdek, Akmal Saidov ishtirokchilarga mamlakatimizdagi konstitusiyaviy islohotlarning barcha bosqichlarini keng tushuntirib berdi. Konstitusiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitusiyaviy komissiya tashkil etilgani, uning tarkibi va vazifalari haqida aytildi.
Komissiya tarkibiga barcha viloyatlardan deputatlar, senatorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yetakchi huquqshunoslar, siyosatshunoslar va boshqa ekspertlar kirgani, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan Konstitusiyaviy qonun loyihasi yuzasidan fuqarolardan 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushgani ta'kidlandi.
O‘zbekiston «Taraqqiyot strategiyasi» markazi direktori Eldor Tulyakov O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni loyihasida nazarda tutilgan eng asosiy normalar haqida gapirdi.
Taqdimotlar davra suhbati ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ular o‘z fikr-mulohazalari bilan faol o‘rtoqlashdi.
Li Yunsyuan', Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyoni ijtimoiy rivojlantirish instituti direktori:
- O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlar mamlakatning milliy ustuvor yo‘nalishlariga mos bo‘lib, respublikani barqaror rivojlantirishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlaydi.
Bu O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar, yangi taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishning qonunchilik asoslarini takomillashtirish jarayonining mantiqiy davomidir. Shu bilan birga, bu jarayon xalqaro standartlarga to‘liq mosdir. Shubhasiz, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlar va izchil o‘zgarishlar mamlakat milliy taraqqiyotiga oid kompleks vazifalarni amalga oshirishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Li Szigo, Xitoy Xalqaro munosabatlar akademiyasi Yevroosiyo instituti direktori:
- O‘zbekiston islohotlarni yanada chuqurlashtirish, taraqqiyotni jadallashtirish va milliy farovonlikni oshirish yo‘lida ilgari odimlamoqda. Bu jarayon O‘zbekistonning xalqaro faolligiga ham dinamizm bag‘ishlayapti. Ayni sharoitda mamlakat Asosiy qonunini o‘zbek jamiyatining zamonaviy voqeliklari bilan uyg‘unlashtirish juda muhim va dolzarbdir.
Konstitusiyaviy qonun loyihasi umummilliy tarzda muhokama qilingani juda muhim. Bu konstitusiyaviy islohotlar xalq manfaatlaridan kelib chiqayotgani, jamiyatning keng qatlamlaridan takliflar olinayotganining dalolatidir. Demak, mamlakatning yangi konstitusiyasi chinakam xalq konstitusiyasiga aylanadi.
Syuy Tao, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti bosh ilmiy xodimi:
- O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlar tabiiy ravishda mamlakat taraqqiyoti dinamikasiga hamohangdir. Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarildi va bu jarayonni huquqiy jihatdan mustahkamlash kerak. Muhokamalarda fuqarolarning xohish-irodasini keng ifodalashga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani e'tiborga molik. Oshkoralik, ochiqlik va inklyuzivlik – O‘zbekistondagi konstitusiya islohoti jarayonini shu omillar bilan tavsiflashni istardim».
Su Chan, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi qoshidagi Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi strategik hamkorlik kengashi direktori o‘rinbosari:
- «Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» tamoyilini konstitusiyaviy tarzda mustahkamlab qo‘yilishi davlatning jamiyat oldidagi mas'uliyatini kuchaytirishda muhimdir. O‘zbekiston taraqqiyotining «Inson – jamiyat – davlat» tamoyiliga asoslangan yangi paradigmasi «inson omili»ga alohida urg‘u beradi.
Li Yan', Xitoy Xalqaro munosabatlar akademiyasi Yevroosiyo instituti ilmiy xodimi:
- O‘zbekiston Konstitusiyasiga xususiy mulk va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish sohasida kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqida gapirmoqchiman. Konstitusiyaviy islohotlar fuqarolarning iqtisodiy faoliyati uchun huquqiy maydonni kengaytirmoqda va bu barqaror rivojlanishni ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davra suhbatida muhokama qilingan mavzu yuzasidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Eron diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Elchilarning chiqishlarida respublikamizdagi islohotlar jarayoni, O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi faol sa'y-harakatlari va Shanxay hamkorlik tashkilotidagi muvaffaqiyatli raisligi yuqori baholandi.
Muxtasar qilib aytganda, davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekistonda islohotlar jarayoni mamlakatni rivojlantirish strategiyasining maqsad va vazifalariga muvofiq izchil davom etayotgani, asosiy maqsadi respublikaning ko‘p millatli xalqining erkin va farovon hayotini ta'minlashdan iborat bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish asoslari tobora mustahkamlanib borayotgani to‘g‘risida yakdil fikr bildirdi.