BMT qarorgohida O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlar jarayonlariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi
BMTning N'yu-Yorkdagi qarorgohida O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlar jarayonlariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrika mintaqalarida joylashgan 40 dan ortiq a'zo mamlakatlarning doimiy vakillari va missiya ekspertlari, shuningdek, BMT turli tuzilmalarining xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbati qatnashchilariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlarning borishi, uning asosiy tamoyillari va ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, kiritilayotgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqidagi atroflicha ma'lumotlar taqdim etildi. Bunda ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining turli qatlamlari tomonidan berilayotgan takliflar, shuningdek, xalqaro huquqning fundamental me'yorlarini Asosiy qonunda aks ettirish bilan shug‘ullanadigan Konstitusiyaviy komissiyaning faoliyatiga alohida e'tibor qaratildi.
Davra suhbati chog‘ida eng avvalo inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, inson sha'ni va qadr-qimmatini kafolatlashga qaratilgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish nuqtai nazaridan bu jarayon muhim o‘rin tutishi ta'kidlandi. O‘zbekiston tarixidagi o‘ziga xos tajriba – konstitusiyaviy qonun referendum orqali tasdiqlanishi uchun umumxalq muhokamasi o‘tkazilishiga urg‘u berildi.
Taqdim etilgan ma'lumotlar tadbir mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi va qo‘llab-quvvatlandi. Ishtirokchilarning aksariyati O‘zbekiston tomoni konstitusiyaviy islohotlar jarayonini nafaqat mamlakat aholisiga, balki butun dunyo hamjamiyatiga ochiq ko‘rsatayotganiga, ya'ni uning shaffofligiga e'tibor qaratishdi. Ular BMT bosh qarorgohida ana shunday xalqaro davra suhbati o‘tkazishning noyob tajribasi O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarga qat'iy sodiqligi, xorijiy hamkorlar bilan faol hamkorligi va Konstitusiyaning eng yaxshi demokratik tamoyillari hamda xalqaro standartlarga muvofiqligini ta'minlashining namoyishi, deb e'tirof etishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston konstitusiyaviy islohotlarning inklyuzivligini ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlar, millati, dini, yoshi, ijtimoiy mavqeidan qat'iy nazar har bir fuqaroning manfaatlarini ta'minlashga qaratilayotgani olqishlandi.
Ozarbayjonning BMTdagi doimiy vakili Yashar Aliev O‘zbekistonning konstitusiyaviy islohotlaridagi ustuvor yo‘nalishlar mazmuni ochiq va atroflicha taqdim etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. U konstitusiyaviy qonun ijodkorligi sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani chuqur o‘rganayotgan Konstitusiyaviy komissiya faoliyatini yuqori baholadi. U Ozarbayjonning ijobiy konstitusiyaviy tajribasi materiallarda eslab o‘tilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, konstitusiyaviy islohot aholining barcha qatlamlari, fuqarolik jamiyati institutlari, turli davlat organlari va xususiy sektor ishtirokini talab qiluvchi murakkab jarayondir. U xalqning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi bilan konstitusiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonch bildirdi.
Shri-Lankaning BMTdagi doimiy vakili Peter Moxan Maitxiri Pieris inklyuzivlik, oshkoralik va umumiy rozilik tamoyillariga asoslangan Asosiy qonunning yangilanishini hal qiluvchi va dadil qadam, deb atadi. Doimiy vakil yangilangan Konstitusiya mamlakat xalqining xohish-irodasi ifodachisi bo‘lishini ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarini olqishladi. Uning fikricha, kiritilayotgan o‘zgartishlar davlat va aholi o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni kuchaytirib, ularni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi. «Taklif etilayotgan o‘zgarishlar bilan tanishar ekanman, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini yorqin va xavfsiz kelajak kutayotganini ishonch bilan aytishim mumkin», dedi Pieris.
Sloveniyaning BMTdagi doimiy vakili Bostyan Malovr O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni, uning xalqaro tashkilotlar doirasidagi faoliyatini izchil kuzatib borayotganini aytdi. U mamlakatimizda Konstitusiyani yangilash borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlarni yuksak baholadi. Elchi Asosiy qonunga taklif etilayotgan o‘zgartishlar hayotning barcha jabhalariga, jumladan, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining asosiy ustuvor yo‘nalishlariga taalluqli ekanini olqishladi.
Turkiyaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Onchu Kecheli BMT qarorgohida O‘zbekistonning konstitusiyaviy islohotlariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati o‘tkazilishini olqishladi. Uning ta'kidlashicha, Markaziy Osiyo bilan bog‘liq masalalar BMT kun tartibida tez-tez uchramaydi, chunki bu mintaqa murakkab muammolarga ega emas va Xavfsizlik Kengashiga kiritilmagan.
Shu bilan birga, Turkiya vakili Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vaziyat asosan ijobiy yoritilayotganini tan oldi. Xususan, BMT Bosh Assambleyasining yaqinda qabul qilingan «Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risida»gi rezolyusiyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilinganiga e'tibor qaratdi.
Onchu Kecheli Anqara O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini tasdiqlar ekan, O‘zbekiston bu yo‘nalishda ko‘rsatayotgan shaffoflik va ochiqlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Armanistonning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Davit Knyazyan jamiyatning barcha qatlamlari, ayniqsa, ayollar va yoshlar faol ishtirok etayotgan konstitusiyaviy islohotlar jarayonining yuqori darajadagi shaffofligi va ochiqligini olqishladi. U Konstitusiya loyihasida insonning ekologik huquqlariga alohida ahamiyat berilganini ham qutladi. “Bu, ayniqsa, Orol dengizining qurishi, mamlakatning g‘arbiy hududlari va undan tashqaridagi vaziyatga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan sharoitda ayni muddaodir. Yangilangan Konstitusiyada joylarda voqelik, atrof-muhitni muhofaza qilish tamoyillari o‘z ifodasini topgani amalga oshirilayotgan islohotlarning inson ehtiyojlarini qondirish, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilganini yaqqol namoyon etadi”, dedi u.
Germaniyaning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi maslahatchisi Markus Koll Konstitusiyani yangilashda O‘zbekiston tomonidan qo‘llanilayotgan yondoshuv islohotlarning inklyuziv va keng qamrovliligini ta'minlash, davlat oldida turgan vazifalarni samarali hal etishning yorqin namunasi ekanini ta'kidladi. U konstitusiyaviy islohotlarning asosiy tamoyilini, ya'ni «Asosiy qonunga kiritilgan barcha o‘zgartishlarning yagona muallifi xalq bo‘lishi kerak», degan tamoyilni qo‘llab-quvvatladi.
«Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati O‘zbekistonda inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlayotganidan faxrlanamiz», dedi Germaniya vakili.
Markus Koll ayni damda Germaniya delegasiyasi ikki tomonlama maslahatlashuvlar uchun Toshkentda ekanini ma'lum qilar ekan, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan strategiyasi doirasida o‘zaro hamkorlik yanada chuqurlashishiga umid bildirdi.
Janubiy Afrika Respublikasining doimiy vakili o‘rinbosari Xolisa Mabongo konstitusiyaviy islohot har bir davlat uchun tarixiy voqea bo‘lib, jamiyat manfaatlariga javob beradigan yangi qadriyatlar va tamoyillarni hisobga olgan holda mamlakatning yangilanishini anglatadi.
U O‘zbekistondagi rivojlangan demokratik mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish va o‘zlashtirishga bo‘lgan sodiqlikni olqishladi. Uning aytishicha, Germaniya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarning eng yaxshi konstitusiyaviy asoslarini hisobga olgan holda o‘zining Asosiy qonunini yangilagan Janubiy Afrika misolida bu yo‘l naqadar dolzarb va to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatgan.
Janubiy Afrika vakili inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, aholining ijtimoiy himoyasini kafolatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgarishlarni olqishladi.
Singapur doimiy vakilining o‘rinbosari Mark Seax O‘zbekistonning xalq manfaatlarini hisobga olgan holda konstitusiyaviy islohotlarni amalga oshirish borasidagi sa'y-harakatlarini ijobiy, deb ta'kidladi. Shuningdek, u barcha mamlakatlar uchun Konstitusiyaning yagona modeli yo‘q degan, fikrni qo‘llab-quvvatladi. «Har bir mamlakatda odamlar hayotini yaxshilash, ularning farovonligini oshirish hamda milliy va global barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning o‘ziga xos usullari mavjud» dedi u.
Yaponiyaning BMTdagi missiyasi eksperti Shinichi Misuta konstitusiyaviy islohot keng jamoatchilik ishtirokida amalga oshirilayotganini olqishladi. Ekspert ta'kidlaganidek, Yaponiyada qonun ustuvorligi va konstitusiyaviy tuzumni ta'minlash masalalariga ustuvor ahamiyat beriladi. Bu borada Yaponiya Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonga huquqshunoslar va adliya xodimlari malakasini oshirishda yordam bermoqda. Yaponiyaning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishni jadallashtirishda mintaqa davlatlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi tasdiqlandi.
Davra suhbati intihosida ishtirokchilar har bir davlat hayotida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan muhim voqealar haqida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish bo‘yicha ushbu amaliyotni davom ettirish muhimligini ta'kidladilar. Ularning fikricha, bu milliy rivojlanish ustuvorliklarini tushunish va ularning BMT imperativlariga muvofiqligi darajasini oshirishga ko‘maklashadi. Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston Konstitusiyasiga kiritiladigan o‘zgartishlar BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish bo‘yicha kun tartibi maqsadlari bilan uyg‘unligi tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.