Nyu-Yorkda O‘zbekistonning konstitusiyaviy islohotlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Nyu-Yorkdagi AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari Kongressi binosida O‘zbekistonning konstitusiyaviy islohotlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda Kongress rahbariyati, shuningdek, taniqli jamoat va siyosat arboblari, nufuzli ekspertlar, tadqiqotchilar, jurnalistlar hamda yirik tadbirkorlardan tashkil topgan Kongressning yetakchi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda kechayotgan konstitusiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari haqidagi atroflicha ma'lumotlar taqdim etildi. Konstitusiyaga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning umumxalq muhokamasida aholining barcha qatlamlari va fuqarolik jamiyati faol ishtirok etayotgani, Asosiy qonunga ko‘plab takliflar bildirishda yoshlarning alohida tashabbus va ijodkorlik ko‘rsatayotgani ta'kidlandi.
Shuningdek, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining boy madaniyatini asrab-avaylash va yuksaltirish, vatandoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘zgarishlar ishtirokchilar e'tiborini tortdi.
Davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekistonda Asosiy qonunini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni olqishladilar. Ular konstitusiyaviy jarayonning shaffofligi va ochiqligini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni yuqori baholadilar.
Amerikalik ekspertlar so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi qiyofasi tubdan o‘zgargani, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va demokratik islohotlarning namunasi sifatida namoyon bo‘layotganini ta'kidladi. Bu jahon hamjamiyati tomonidan keng e'tirof etilmoqda.
AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari Kongressi prezidenti Boris Kandov O‘zbekiston xalqi uchun muhim siyosiy masala xorijda yashayotgan vatandoshlar ishtirokida ham muhokama etilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. «Prezident Shavkat Mirziyoev ko‘magida o‘zbek xalqi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli konstitusiyaviy islohotlar biz uchun alohida ahamiyatga ega», dedi u.
Boris Kandov AQSh va O‘zbekistonning taniqli jamoat arboblari, olim va mutaxassislari ishtirok etayotgan mazkur davra suhbati Konstitusiyaning asosiy qoidalari, yangi moddalarini takomillashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. U yurtdoshlar, xususan, ularning Vatan bilan bog‘liq bo‘lgan huquqiy munosabatlariga oid o‘zgartishlarni qo‘llab-quvvatladi.
Kongressning siyosiy departamenti direktori Tavriz Aronova O‘zbekistonning konstitusiyaviy referendum o‘tkazish rejasini qo‘llab-quvvatladi. Uning fikricha, bu eng ilg‘or demokratik standartlar va xalqaro huquqning tamoyillariga to‘la mos keladi.
«Bukharian Times» gazetasi bosh muharriri Rafael' Nektalov O‘zbekiston Prezidentining ochiq va tinchliksevar tashqi siyosati Markaziy Osiyoda yangi do‘stlik, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini shakllantirish imkonini berganini alohida ta'kidladi. «Prezident Shavkat Mirziyoevning sa'y-harakatlari bilan Yangi O‘zbekiston ham mintaqada, ham dunyoda alohida o‘rin tutmoqda», dedi u.
Jurnalistning aytishicha, O‘zbekiston keyingi yillarda mintaqada faol tashqi siyosat yuritib, qo‘shnilari bilan mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan muhim qadamlarni tashlamoqmoqda, tinchlik va barcha davlatlar bilan hamkorlikka izchillik bilan intilmoqda.