Toshkent arxitektura-qurilish instituti soha klasteriga aylanmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-avgust kuni Toshkent arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib ko‘rdi.
Davlatimiz rahbari bu yerga 2020-yil oktabrda kelgan, institut negizida qurilish klasteri tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Shundan so‘ng, ajratilgan maydon kengaytirilib, yangi loyiha ishlab chiqildi.
Avvalo, institut uchun ikkita 5 qavatli o‘quv korpusi, 8 qavatli ma’muriy bino barpo etildi. Qurilish materiallari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi, laboratoriyalar, sport majmuasi, yotoqxona shu yerga joylashtirildi. Bugungi tashrif chog‘ida davlatimiz rahbari ushbu bunyodkorlik ishlari, ta’lim maskanining faoliyati bilan tanishdi.
Institutda 4 ta fakultet va 23 ta kafedra bor. Bakalavriatda 22 ta, magistraturada 25 ta mutaxassislik bo‘yicha ta’lim berilmoqda. Zamon talablaridan kelib chiqib, “aqlli” uylar va shaharlar infratuzilmasini loyihalash, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi, inshootlar zilzilabardoshligi kabi yo‘nalishlar dasturga kiritilgan.
Yangi binolar foydalanishga topshirilishi bilan ta’lim qamrovi va sifati oshadi. 2022/2023-o‘quv yili uchun 1 ming 600 dan ziyod kvota ajratilgan. Ular bilan jami talabalar soni 7 ming 500 nafardan ortadi.
Davlatimiz rahbari shu yerda talabalar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.
- Biz qaysi sohani isloh qilishga kirishsak, avval maktab yaratishdan, kadrlar tayyorlashdan boshlayapmiz. Bu institut ham kelgusidagi bunyodkorlik ishlariga zamin bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois o‘quv dasturlari zamon bilan hamqadam bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
- Bugun qurilish sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotidagi «drayver»lardan biri. Hamma joyda qurilishlar bo‘layapti, turli materiallar ishlab chiqarilyapti. Lekin besh yildan keyin bugungi bilim kamlik qiladi. Shuning uchun doim izlanishda bo‘lishingiz, o‘zingizga investitsiya qilishingiz kerak. Bu investitsiya nima? Kasbni mukammal egallash, til o‘rganish, ishlab, tajriba to‘plash, - dedi Prezident.
Muloqotda talabalar institutda yaratilgan sharoitlar haqida so‘zlab berdi, maqsadlari va takliflarini bildirdi.
Davlatimiz rahbari ularning takliflarini qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. Talabalarning amaliyotini loyiha institutlari va qurilish kompaniyalarida tashkil etish, ilmiy ishlariga buyurtmalar shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yil 6-iyul kuni qurilish va shaharsozlik bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident kadrlar tayyorlash masalasiga alohida to‘xtalib, sohadagi oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish, ularga akademik va moliyaviy mustaqillik berish zarurligini aytgan edi.
Shunga muvofiq, institutning tashkiliy-boshqaruv tizimini isloh qilish boshlangan. Uni muhandislik, arxitektura, qurilish va qurilish materiallari texnologiyalari, raqamli qurilish yo‘nalishlariga ixtisoslashtirish mo‘ljallangan. Bu yildan “Raqamli Universitet” tizimini joriy etish, kelgusi o‘quv yilidan boshlab, kirish imtihonlarini xalqaro standartlar asosida yiliga ikki marta o‘tkazish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham suhbatlashdi.