«Markaziy Osiyo ruhi – yaratuvchanlik va taraqqiyot timsoli»
Joriy yil 21 iyul' kuni Cho‘lpon-Ota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi, to‘rtinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Anjuman davomida besh mamlakat yetakchilari joriy kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishadi, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishadi, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va ko‘p tomonlama sheriklikni kengaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalarni belgilab olishadi.
Shuni alohida ta'kidlash joiz, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yil sentyabrda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida yangragan edi.
O‘sha nufuzli anjumanda O‘zbekiston yetakchisi mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam ravishdagi uchrashuvlari Markaziy Osiyoda shakllanayotgan ijobiy tendensiyalarni «mustahkamlash»ini aytgandi.
«Birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz tufayli keyingi oylarda mintaqamizda siyosiy ishonch darajasi sezilarli darajada oshdi. Ko‘plab masalalar bo‘yicha prinsipial jihatdan muhim yechimlar topishga erishildi… Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdordir. Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo – biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir. O‘zbekiston o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning qat'iy tarafdoridir», - degan edi davlatimiz rahbari.
Ushbu tashabbus Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan har jihatdan qo‘llab-quvvatlandi va dastlabki sammit tez orada - 2018 yil martda Astana shahrida o‘tkazildi.
Ayni formatda ilk bor uyushtirilgan muloqotning eng muhim, o‘ziga xos xususiyati davlat rahbarlarining birgalikda oldinda turgan vazifalarni bajarish va mintaqadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, tashqi kuchlar aralashuvisiz taraqqiyotga erishish, shuningdek Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan yuzaga kelayotgan xatarlarga javob berish uchun jipslashish zarurligi to‘g‘risida yakdil fikrda ekani bo‘ldi. O‘tkazilgan muzokaralar yakunida shunday uchrashuvlarni muntazam tarzda o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Yangidan tuzilgan format ishida O‘zbekiston poytaxti – Toshkent shahrida 2019 yil noyabrda tashkil etilgan ikkinchi Maslahat uchrashuvi muhim ahamiyat kasb etdi. Sermazmun uchrashuvlar davomida besh davlat yetakchilari Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlik formatiga nisbatan yagona yondashuv ishlab chiqish, tuzilma faoliyatini umumiy xususiyatga ega masalalarni hal etish uchun dolzarb kun tartibi bilan to‘ldirishga jiddiy e'tibor qaratishdi.
Siyosat va xavfsizlik, iqtisodiyot va savdo, transport va tranzit, energetika va suv masalasi kabi yo‘nalishlarda yaqin va izchil hamkorlikda ish olib borishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslar ilgari surildi.
Bundan tashqari besh davlat rahbarlari energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish zarurligini yaxshi anglashlarini namoyon etishdi, bu borada mintaqada yagona infratizim yaratish va boshqa samarali ishlarni amalga oshirish uchun istiqbolda ko‘plab qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish lozimligini ta'kidlashdi.
Tomonlar barcha mamlakatlar mintaqalari darajasida faol almashinuv va aloqalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek ilm-fan, ta'lim, turizm, madaniyat va sport yo‘nalishlarida muntazam ravishda birgalikda tadbirlar o‘tkazishga kelishib oldilar.
– Biz o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildik. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish yo‘lida butunlay hamfikr ekanimizni yana bir bor tasdiqladik.
Uchrashuv dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha bizning qarash va yondashuvlarimiz o‘zaro juda yaqin ekanini namoyish etdi, – dedi davlatimiz rahbari.
Sammit yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi hamda Maslahat uchrashuvlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish reglamenti ma'qullandi.
2021 yil avgustda Kaspiy dengizi yoqasida joylashgan Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo Prezidentlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi ham juda samarali bo‘ldi. Davlat rahbarlari umummintaqaviy bozor tashkil etish va infratizim loyihalarini amalga oshirish, yagona energetika maydonini shakllantirish va Markaziy Osiyo davlatlarining iqlim o‘zgarishiga moslashishini ta'minlashga qaratilgan «yashil» energetikani joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
Sammit doirasida oliy darajadagi uchrashuv bilan birga qator tadbirlar ham o‘tkazildi. Iqtisodiy forum, milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti yig‘ilishi, milliy taomlar festivali va mintaqa mamlakatlari san'at ustalarining gala-konserti shular jumlasidan.
Shubhasiz, oliy darajadagi uchrashuvlarga doimiy tus berilishi va Maslahat uchrashuvlari doirasidagi hamkorlik formati mustahkamlanishi barcha ishtirokchi mamlakatlar uchun ulkan siyosiy-iqtisodiy, savdo-investision, madaniy-gumanitar naf keltirdi.
Birgalikdagi sa'y-harakatlar tufayli Markaziy Osiyo davlatlarining yagona iqtisodiy, madaniy-sivilizasion makonda muntazam va barqaror rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish yo‘lida ish olib borilmoqda. Muhimi, mintaqaviy yaqinlashishning hal qiluvchi maqsadlaridan biriga erishildi: qardosh xalqlar bir-birlari bilan hech qanday sun'iy to‘siqlarsiz, qiyinchiliksiz munosabatga kirisha, hamkorlik qila oladilar.
Yana bir narsani ta'kidlash lozim, mamlakatlarimizning mintaqaviy xususiyatga ega eng dolzarb masalalarga, tashqi tahdid va xatarlarga nisbatan umumiy yondashuvi shakllanmoqda. Ushbu jarayonda Afg‘onistondagi vaziyatdan umumiy xavotir va ushbu salbiy holatni, jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish orqali me'yoriga keltirishga tayyorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
«Biz Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitni mustahkamlab bormoqdamiz. Bizning asosiy maqsadimiz – Markaziy Osiyoni farovon va barqaror rivojlanayotgan, ishonch va do‘stlik makoniga aylantirishdir», - dedi O‘zbekiston yetakchisi o‘tgan yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida.
Maslahat uchrashuvlari buni tasdiqlamoqda va shu bilan bir vaqtda ishtirokchilarning Markaziy Osiyoni xavfsiz va gullab-yashnayotgan hududga aylantirishga intilib, munosabatlarni bosqichma-bosqich mustahkamlab borishdan manfaatdorligini ko‘rsatmoqda. Yetakchilar qayd etishicha, tashqi siyosat chiziqlarini o‘zaro yaqinlashtirish va siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va boshqa sohalardagi hamkorlikni faollashtirish tarixiy asoslarga ega haqiqatdir.
Bunday o‘zgarishlar natijasida ichki mintaqaviy masalalar bo‘yicha kelishilgan yondashuvlar ishlab chiqilmoqda va xalqaro maydonda ham jipslashuv yaqqol kuzatilmoqda. Ayni jarayonda BMT tizimida va boshqa xalqaro tuzilmalarda mas'ul lavozimlarga saylovlar chog‘i Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani, yuqori darajadagi global va mintaqaviy forumlardagi chiqishlardagi kelishilgan, umumiy pozisiyalar, shuningdek mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha qo‘shma bayonotlarni eslash o‘rinli.
Umumiy sa'y-harakatlarimiz natijasida BMT Bosh Assambleyasining mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, diniy bag‘rikenglikni ilgari surish, turizmni rivojlantirish, Orol muammosini hal etishga qaratilgan bir qator rezolyusiyalari qabul qilindi. Mintaqadagi yangilanishlar, ichki mintaqaviy tarqoqlikdan jipslashish va jadal rivojlanish sari tashlanayotgan dadil odimlar savdo-iqtisodiy hamkorlik chuqurlashishidek ijobiy shaklda namoyon bo‘lmoqda.
Sheriklikning idoralararo va hukumatlararo mexanizmlari shakllanmoqda. Masalan, mamlakatlarimiz parlamentlari va hukumatlari hamkorlik qilmoqda, suv xo‘jaligi bo‘yicha qo‘shma komissiyalar va boshqa turli shakllardagi umumiy tuzilmalar muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Xo‘jalik sub'ektlari, muassasa va tashkilotlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar mustahkamlanyapti. Barqaror sheriklik o‘rnatishga ko‘maklashuvchi mintaqalararo forumlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
2020 yil, pandemiyaga qaramay, Markaziy Osiyo davlatlari hamkorlik ritmini saqlab qolishga erishdilar, muayyan holatlarda bir-birlariga yordam berdilar va shu orqali murakkab vaziyatlarda birdamlik va insonparvarlik xislatlarini namoyon etdilar. 2021 va 2022 yillarda bu tendensiya nafaqat aqlanib qoldi, balki yanada jadal tus oldi. O‘sish sur'ati, ayniqsa iqtisodiy ko‘rsatkichlarda yaqqol ko‘rinadi.
Masalan, Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy YaIM 2016-2021 yillar mobaynida 253 milliard dollardan 327 milliard dollarga ko‘tarildi. Xuddi shunday o‘sish ichki mintaqaviy savdoda ham kuzatildi. Mintaqadagi ichki savdo hajmi 2016-2021 yillarda 60 foiz o‘sib, 172,3 milliard dollarga yetdi. Shu davrda Markaziy Osiyo mintaqasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiya 35 foiz ko‘payib, 36,4 milliard dollarni tashkil etdi. Ayni vaqtda “Boston Consulting Group” (BCG) tahliliga ko‘ra, kelgusi o‘n yillikda mintaqaga 170 milliard dollar xorijiy investisiya jalb qilinishi, jumladan 40-70 milliard dollar sarmoya noxomashyo tarmog‘iga kiritilishi taxmin qilinmoqda.
Tomonlar ikki yoqlama shakldagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni mustahkamlash jarayonini izga solishga ham erishdilar. Qo‘shma korxonalar soni yil sayin sezilarli darajada oshmoqda. Sanoat kooperatsiyasi jadal rivojlanmoqda. Ijobiy jarayonlar, tabiiyki, O‘zbekistonga ham bevosita aloqador. Mamlakatimizning MO davlatlari bilan savdo ay lanmasi o‘sib borayotgani bunga yaqqol misol. Oxirgi besh yilda savdo hajmi 3,5 baravardan ziyodroq o‘sib, 2021 yil 8,4 milliard dollarni tashkil etdi.
O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan investisiyaviy hamkorligi kengaymoqda. Ayni yo‘nalishdagi hamkorlikning yangi shakli sifatida O‘zbek-Qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi va O‘zbek-Tojik investisiya kompaniyasini qayd etish mumkin.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarida O‘zbekiston kapitali ishtirokida qayta ishlash sanoati, qurilish, elektrotexnika, savdo va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga ixtisoslashgan uch mingdan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston bozoriga qo‘shni mamlakatlar ham jiddiy qiziqish bildirmoqda. Birgina o‘tgan yilni tahlil etadigan bo‘lsak, yurtimizda qo‘shni davlatlar kapitali ishtirokidagi korxonalar soni o‘sishi bo‘yicha quyidagi sur'atni kuzatish mumkin: Qozog‘iston - 856 tadan 1109 taga, Qirg‘iziston - 169 tadan 258 taga, Tojikiston - 171 tadan 240 taga va Turkmaniston - 155 tadan 160 taga.
Barcha davlatlar bilan avtomobilsozlik, yengil sanoat, agrosanoat majmuasi kooperatsiyasi bo‘yicha ko‘plab yirik loyihalar yo‘lga qo‘yilgan yoki amalga oshirilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarining transport sohasidagi, jumladan, mintaqada xalqaro transport yo‘laklari hosil qilish va xalqaro transport infratizimini yaratishga qaratilgan hamkorligi yangicha rivojlanish yo‘liga tushib oldi. Ushbu maqsadlarga erishilishi mintaqa davlatlari eksport mahsulotlarini jahon bozorlariga chiqarishda transport xarajatlari kamayishiga olib keladi.
Qolaversa, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini o‘zaro bog‘laydigan Termiz - Mozori-Sharif - Kobul – Peshovar yo‘lagi ham keng imkoniyatlar ochadi. Xitoy - Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi yana bir muhim loyiha bo‘lib, hozir amaldagi yo‘nalishlarga qaraganda mavjud masofani 900 km qisqartiradi. Shunda XXRdan chiqqan yukni O‘zbekiston orqali Yevropaga va janubiy yo‘nalishdagi boshqa mamlakatlarga yetkazish muddati yetti-sakkiz kun kamayadi.
O‘zaro ishonch mustahkamlanishi, bir-birini qo‘llab-quvvatlash kuchayishi tufayli Markaziy Osiyo davlatlari mintaqa uchun juda zarur bo‘lgan tashabbus va loyihalar amalga oshirilishini to‘xtatib kelgan ko‘plab muammoli masalalarni hal etishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu jarayonda, ayniqsa, juda ko‘p hollarda qarama-qarshiliklar keltirib chiqargan, mojarolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan suv sohasidagi munosabatlar qat'iy tarzda ijobiy tomonga o‘zgarganini e'tirof etish kerak.
2018 yil so‘nggi o‘n yil ichida ilk bor Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) ta'sischi davlatlari rahbarlari sammiti o‘tkazildi. Bu mamlakatlarimizning Orolbo‘yini ekologik sog‘lomlashtirish bilan shug‘ullanishga, transchegaraviy suv oqimlaridagi suv resurslaridan oqilona foydalanish va ushbu manbalarni asrash yo‘nalishida birgalikda ishlashga tayyorligini ko‘rsatdi.
Shu o‘rinda misol tariqasida O‘zbekistonning Tojikiston va Qirg‘iziston bilan gidroelektrostansiyalar qurish bo‘yicha munosabatlari rivojlanishi sur'atiga alohida e'tibor qaratish lozim bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekiston suv xo‘jaligi sohasida Turkmaniston bilan ham izchil hamkorlik o‘rnatgani ahamiyatli. O‘tgan yildan boshlab Hukumatlararo suv xo‘jaligi komissiyasi ish boshladi. Yaqinda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakuni bo‘yicha Amudaryo suv resurslarini boshqarish, muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risida tarixiy bitim imzolandi.
So‘nggi yillarda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Xalq diplomatiyasi jadal rivojlanmoqda. Qardosh xalqlarning tarixiy va teran gumanitar aloqalarini mustahkamlash, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va bir-birini tushunish muhitini yanada yaxshilash imkonini beradigan madaniyat va kino kunlari, festivallar o‘tkazilishi muntazamlik kasb etdi. Shuningdek, mintaqaning madaniy merosini asrash va rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etilishi ham an'anaga aylandi. 2021 yil sentyabr' oyida Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo jahon sivilizasiyalari chorrahasida» xalqaro madaniyat forumi chog‘ida boy va juda qiziqarli tajriba to‘plandi. Mazkur anjumanda ishtirokchilar MOning noyob merosini asrash bilan bog‘liq dolzarb ilmiy masalalarni muhokama etdi.
Mamlakatlarimiz tomonidan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik o‘sib borishining ijobiy darajasiga, shubhasiz, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tadigan to‘rtinchi Maslahat uchrashuvi qo‘shimcha sur'at baxsh etadi. O‘zaro munosabatlar xususiyatidan va tomonlarning sheriklikni yanada mustahkamlashga bo‘lgan intilishidan kelib chiqib, quyidagi yo‘nalishlarni yaqin va o‘rta muddatli istiqbol uchun ustuvor etib belgilash mumkin:
Birinchidan, konstruktiv va o‘zaro manfaatli mintaqaviy hamkorlikni ta'minlash.
Ikkinchidan, xalqaro maydonlardagi mamlakatlarimiz uchun manfaatli bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surish imkonini beradigan izchil hamkorlikni kuchaytirish. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish davlatlarning va umuman mintaqaning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashadi.
Uchinchidan, o‘zaro savdoni va sanoat kooperatsiyasini yanada jadallashtirish. Bir necha yil davomida mamlakatlarimiz hamkorlikning mustahkam poydevorini yaratishdi. Buning ijobiy samarasini mintaqaning har bir davlati o‘zida his etmoqda. Hozirgi bosqichda, ayniqsa, iqtisodiyotda raqamlashish jarayoni tezlashayotgani va «yashillik» ustuvorligi ortayotganini hisobga olgan holda, sheriklikning yangi sohalarini ilgari surish juda muhim.
To‘rtinchidan, transport-kommunikasiya sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish. Zamonaviy global tendensiyalarni inobatga olib, mavjud to‘siqlarni bartaraf qilish, o‘zaro kelishilgan holda imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etish zarur.
Beshinchidan, energetika sohasidagi hamkorlik. Iqtisodiyotlar barqaror rivojlanishini ta'minlash, zarur hajmdagi energiya manbalarini yaratish va «yashil» kun tartibini ilgari surish maqsadida MO davlatlari mintaqaning ikki yoki undan ortiq mamlakati manfaatiga xizmat qiladigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishlari kerak.
Oltinchidan, suv-ekologiya sohasida hamkorlik. Zamonaviy bosqichda Markaziy Osiyo davlatlari iqlim bilan bog‘liq avvallari misli ko‘rilmagan bosimni va buning salbiy oqibatini his etmoqda. Shuning uchun ham qurg‘oqchilikka qarshi kurashish, bio xilma-xillikni asrash va me'yoriy suv ta'minotiga erishish, «yashil» iqtisodiyot, jumladan, Orolbo‘yidagi vaziyatni sog‘lomlashtirishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish borasidagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish lozim.
Bu jarayonda konstruktiv muloqot uchun yagona va noyob ko‘p tomonlama maydon hisoblangan OQXJ hal qiluvchi o‘rinni egallashi kerak.
Yettinchidan, madaniy, ma'naviy va milliy qadriyatlar yaqinligi nazarda tutilsa, gumanitar aloqalarni, jumladan, xalq diplomatiyasi yordamida, turli madaniy tadbirlar uyushtirish orqali har tomonlama chuqurlashtirish masalalari diqqat markaziga chiqadi.
Sakkizinchidan, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik. Markaziy Osiyo – dunyoda birinchi bo‘lib BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqqan va zimmasiga ushbu hujjatni implementasiya qilish majburiyatini olgan mintaqa hisoblanadi. Bu an'anaviy va yangi tahdidlar, xatarlarga qarshi turish bo‘yicha sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish jarayonini rivojlantirishga xizmat qiladi.
***
Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabat rivojlanishining bugungi sur'ati mamlakatlarimiz konstruktiv siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish va madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga qat'iy sodiqligini tasdiqlaydi.
Anvar Nosirov,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori