Xitoydagi vatandoshlar: O‘zbekiston taraqqiyoti uchun o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz
PEKIN, 11 iyul'. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasi tomonidan Xitoyda tahsil olayotgan va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda respublikamizda kechayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar, konstitusiyaviy islohotlar, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan xorijdagi vatandoshlarga qaratilayotgan alohida e'tibor haqida batafsil ma'lumot taqdim etildi.
Shuningdek, tadbir qatnashchilariga “Vatandoshlar” jamoat fondining faoliyati haqida ham so‘zlab berildi.
“Dunyo” axborot agentligi muxbiri bilan suhbatda vatandoshlarimiz o‘zkazilgan tadbir to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
Alina Galkova, Pekin shahridagi elektr transport vositalari ishlab chikaruvchi korxona mutaxassisi:
– Bugungi uchrashuvda qatnashib turganimdan mamnunman. Tadbirda men kabi Xitoyning turli shaharlarida ta'lim olayotgan va mehnat qilayotgan vatandoshlarim bilan muloqot qildim.
Tadbirda mamlakatimizda ro‘y berayotgan yangilanishlar, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, muhim voqealar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Xususan, biz O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlar jarayonini nafaqat kuzatib borayapmiz, balki o‘z takliflarimiz bilan ham ishtirok etayapmiz.
Mutaxassisligimdan kelib chikib shuni aytmoqchimanki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda “yashil energetika” sohasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu yo‘nalishda Xitoy zamonaviy texnologiyalari va ilg‘or tajribasini o‘rganish va tadbiq etish ham foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu jarayonda men ham faol qatnashib, o‘z hissamni qo‘shishga tayyorman.
Saidali Yo‘ldoshev, ingliz tili o‘qituvchisi:
– Biz O‘zbekistondagi taraqqiyot jarayonlarini katta qiziqish bilan kuzatamiz. O‘zbekiston tarraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shish uchun harakat qilamiz. Yangi O‘zbekiston taqdiri bu biz yoshlarning taqdirimizdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekistonda fan va ta'limni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan alohida e'tiborni qadrlaymiz, biz ham mamlakatimiz kelajagi va uning istiqboliga o‘z hissamizni qo‘shishga tayyorligimizni bildiramiz.
Elchixona tashkil etgan davra suhbati chog‘ida ham ko‘pgina o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Buning uchun elchixonamizga o‘z minnatdorligimni bildiramiz. Chunki bu yerda biz o‘zimizni xuddi vatandagidek his qilamiz.
Fariza Rahimova, Pekin kommunikasiyalar va texnologiyalar instituti talabasi:
– Bugungi uchrashuv men uchun juda foydali bo‘ldi. Men mamlakatimizga oid so‘nggi yangiliklar haqida ko‘plab ma'lumot oldim. Shuni komil ishonch bilan aytishim mumkinki, mamlakatimizdagi islohotlar real natijalar beryapti. Konstitusiyaviy islohotlarimizning asosiy maqsadi “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini hayotga keng tadbiq etish ekani diqqatga sazovor.
Konstitusiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda nogironlarni ham haq-huqularining himoya qilinishi va ularga sog‘lom insonlar kabi ilm olish, mehnat qilish va jamiyatda o‘z o‘rnini topishida davlatimiz tomonidan ko‘mak berilishi yuqoridagi fikrlarning amaliy tasdig‘i deb hisoblayman.
Albatta, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha o‘zgarish va yangilanishlar mamlakatimizni yanada gullab-yashnashiga xizmat qiladi.
Sardor Sirojev, Shimoliy Xitoy texnologik universiteti talabasi:
– Avvalambor, barcha yurtdoshlarimizni Qurbon hayiti bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Bugun biz vatandoshlar bayramni nishonlash maqsadida Xitoy poytaxti Pekin shahrida joylashgan O‘zbekiston elchixonasiga tashrif buyurdik. Shu o‘rinda, Prezidentimiz tomonidan Vatandan uzoqda ta'lim olayotgan va mehnat qilayotgan biz kabi yoshlarga qaratilayotgan ulkan e'tibor uchun Xitoydagi vatandoshlar nomidan davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildiraman. Bu e'tiborni oqlash uchun bor kuch-g‘ayratimiz, ilmimiz va salohiyatimizni safarbar etishga so‘z beraman.
Tadbir davomida biz yurtimiz hayotiga oid muhim ijobiy o‘zgarishlar haqida fikr almashdik. Mamlakatimizning kelgusi taraqqiyoti va Yangi O‘zbekistonning poydevori uchun muhim asos bo‘ladigan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma'lumotlar olish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Biz, Xitoydagi vatandoshlar yurtimizdagi islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz, bu jarayonlarga o‘z hissamizni qo‘shishga intilamiz.