O‘zbekiston Konstitusiyaviy qonuni loyihasiga bag‘ishlab Eronda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan onlayn- muloqot o‘tkazildi
TEHRON, 11 iyul. / “Dunyo” AA/. “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyati va ahamiyatini muhokama qilish maqsadida mamlakatimizning Tehrondagi elchixonasi tomonidan Eronda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida videokonferensaloqa shaklida muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan konstitusiyaviy islohotlar, xususan, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasi, Bosh qomusga kiritish taklif etilayotgan moddalar mazmun-mohiyati va ularning yurtimiz kelajagi uchun qanchalik ahamiyat kasb etishi haqida batafsil so‘zlab berildi.
Shu bilan birga, vatandoshlarga Konstitusiyaviy komissiya faoliyati hamda joriy yil 20 iyun' kuni davlatimiz rahbarining Komissiya a'zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bildirgan takliflari yuzasidan ma'lumot berildi.
Muloqot davomida o‘zbekistonlik yoshlar Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartishlarga befarq bo‘lmaslikka, mazkur muhim siyosiy jarayonda faol qatnashishga chaqirildi, Konstitusiyaviy qonun loyihasi yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohaza va takliflarini “Meningkonstitusiyam.uz” elektron platformasiga yuborishi mumkinligi ta'kidlab o‘tildi.
O‘z navbatida, muloqot ishtirokchilari Bosh qomusga kiritish taklif etilayotgan o‘zgarishlar O‘zbekistonda milliy o‘sish, barqaror rivojlanish va jamiyat birligining yangi davrini ochib berishini ta'kidlab, yoshlar ishtiroki va inson huquqlarining mustahkamlanishi sharoitida olib borilayotgan ushbu uzoqni ko‘zlagan islohotlar yanada katta imkoniyatlar yaratiiga yo‘l ochishini bildirdi.
Muloqot yakunida elchixona va o‘zbekistonlik talabalar o‘rtasida yaqin aloqalarni yanada mustahakamlash, shuningdek, joriy yilda rejalashtirilgan ushbu muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etish bo‘yicha kelishib olindi.