Saudiya Arabistonidagi vatandosh: Konstitusiyaviy islohotlar O‘zbekistonning bugungi va istiqboldagi barqaror taraqqiyoti uchun muhim huquqiy zamin yaratadi
JIDDA, 10 iyul. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlar yuzasidan Madina shahridagi Podshoh Fahd nomli shifoxona shifokori, O‘zbekiston fuqarosi Abror Shamatov o‘z munosabatini bildirdi.
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston taraqqiy etib borgani sari Konstitusiyani ham takomillashtirib, demokratik tamoyillarga moslab borish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Konstitusiya erkinlik va qadr-qimmat, inson huquq va manfaatlarini ta'minlashda davr bilan hamnafas bo‘lishi kerak.
Shu bois, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Ayniqsa, O‘zbekiston Bosh qomusiga «Davlat xorijda yashayotgan fuqarolar va vatandoshlar bilan aloqalarning rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi» degan me'yorning kiritilishi chet eldagi barcha yurtdoshlarimizga g‘urur va quvonch baxsh etadi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan chet ellarda yashayotgan fuqarolar bilan tizimli asosda ishlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
O‘zbekistonning o‘z fuqarolariga ko‘rsatayotgan bunday e'tibori va g‘amxo‘rligi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan tez orada o‘zining ijobiy natijalarini berishiga ishonaman.
Umuman olganda, yangi Konstitusiya so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini barqarorlashtirish va izchil davom ettirishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.
Konstitusiyaviy islohotlar O‘zbekistonning bugungi va istiqboldagi barqaror taraqqiyoti uchun muhim huquqiy zamin yaratadi.