Dushanbeda O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlar mazmun- mohiyati muhokama qilindi
DUShANBE, 10 iyul. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlar hamda Qoraqalpog‘istonda tinchlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda Tojikiston ilmiy-akademik doiralari vakillari, olimlar, siyosatshunoslar va ekspertlar ishtirok etdi.
Elchi Ergash Shoismatov ishtirokchilarga O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlardan ko‘zlangan maqsad haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar va hududda vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumot taqdim qildi.
Davra suhbatida Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasining Osiyo va Yevropa mamlakatlari instituti katta ilmiy xodimi Viktor Kim O‘zbekistonning tashqi va ichki siyosati dunyodagi siyosiy vaziyat o‘zgarishidan qat'i nazar, tanlangan kursning izchilligi va o‘zgarmasligi bilan ajralib turishini ta'kidladi. «So‘nggi olti yil ichida O‘zbekiston, birinchi navbatda, ichki siyosatda tub o‘zgarishlarni namoyish etmoqda. Jamiyatni demokratlashtirish, o‘tmish qoldiqlarini yo‘q qilishga qaratilgan bu o‘zgarishlar jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmoqda, - dedi Viktor Kim.- Shuningdek, ushbu islohotlar O‘zbekiston xalqi tomonidan ijobiy qabul qilinib, to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda».
Tojikistondagi Rossiya-Tojikiston (slavyan) universitetining Geosiyosiy tadqiqotlar markazi direktori Go‘zal Mayitdinova konstitusiyaviy islohotlar davlatni yanada rivojlantirish va Yangi O‘zbekistonni bunyod etish uchun ishonchli huquqiy asos yaratishini bildirdi.