O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Joriy yilning 6 iyul' kuni Bryussel' shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (KShHTB) parafirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, Yevropa tomonidan esa Yevropa Ittifoqi Oliy vakili xizmatining rahbari Pedro Serrano ishtirok etdi.
Yangi bitim O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi 1996 yilda imzolangan amaldagi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rniga ishlab chiqilgani hamda ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi ko‘zda tutilgan.
Amaldagi Bitim asosan siyosiy muloqot, demokratiya, inson huquqlari sohasidagi hamkorlik, madaniy aloqalarni ilgari surish, moliyaviy va texnik hamkorlik, investisiyalar, tovar va xizmatlar savdosi, shuningdek intellektual mulkni himoya qilish borasidagi qoidalarni o‘z ichiga oladi.
KShHTB kengroq masalalarni qamrab oladi. Ular orasida savdo va unga tegishli masalalar, shu jumladan bojxona ma'murchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya choralari, raqobat va davlat korxonalarining faoliyati, davlat xaridlari, nizolarni hal qilish va boshqa sohalar bilan bog‘liq qoidalardan iborat. Bundan tashqari, yangi Bitim Jahon savdo tashkilotining asosiy qoidalarini o‘z ichiga olgani natijasida investisiyaviy sheriklik, tovarlar, xizmatlar va intellektual mulk savdosi sohalaridagi munosabatlar doirasi sezilarli darajada kengaytirildi.
Shuningdek, KShHT bitimi tashqi siyosat, xavfsizlik, mojarolarning oldini olish va risklarni boshqarish, shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish, boshpana berish va chegaralarni boshqarish, noqonuniy migratsiya, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash, terrorizmga qarshi kurash kabi yangi sohalarni o‘z ichiga oladi.
Shuni ta'kidlash kerakki, yangi bitim endi hadli bo‘lmasdan, balki O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida, boshqa yo‘nalishlar qatorida, savdo-iqtisodiy aloqalar sohasida keng ko‘lamli hamkorlikning to‘laqonli mexanizmini yaratadi.
KShHTB loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019 yil fevral' oyida boshlangan va 2022 yil iyun' oyi oxirida yakunlangan. Ushbu davr mobaynida ekspertlar, bosh muzokarachilar hamda hukumat a'zolari darajasida 10 raund muzokaralar va 150 dan ortiq uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Shubhasiz, KShHTB O‘zbekistonning ko‘p tomonlama savdo tizimiga yanada integratsiyalashuviga yordam beradi, bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini mustahkamlaydi, xorijiy investorlar va ishbilarmon doiralarning mamlakatga bo‘lgan ishonchi va qiziqishini oshiradi, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hamkorlari bilan savdo sohasida hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.
Marosim davomida tomonlar KShHTB imzolash va uning kuchga kirishi uchun zarur huquqiy tartib – taomillarni nihoyasiga yetkazish, shundan so‘ng uning to‘liq va sifatli hayotga tatbiq etilishini ta'minlash uchun birgalikda ishlashga tayyorliklarini ta'kidladilar.