Konstitutsiyada mehnat huquqini kafolatlovchi normalar ham bayon etilishi kerak (+ video)
Ma’lumki, mamlakatimiz iqtisodiyotida globallashuv jarayonlarining kechishi, mehnat bozorining kengayishi va o‘sishi, xususiy sektorning yuzaga kelishi va rivojlanishi mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablariga rioya qilinmaydigan turli mehnat shartnomalari va fuqaroviy-huquqiy shartnomalarning tuzilishi kabi holatlarning yuz berishiga olib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida har bir shaxsning adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqlarining kafolatlanishi ishlab chiqarishdagi turli xavf-xatarlardan muhofaza etishda muhim omil bo‘lmoqda. Biroq shunday bo‘lsada, xavfsizlik texnikasi qoidalarining buzilishi oqibatida ish beruvchi bilan mehnat munosabatiga kirishib ishlayotgan xodimlarning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazish holatlari davom etmoqda. Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, har yili 2,3 millionga yaqin erkak va ayol ish joyidagi baxtsiz hodisalar yoki ish bilan bog‘liq kasalliklar natijasida vafot etadi. Bu kuniga o‘rtacha 6000 kishi demakdir. Dunyo bo‘ylab har yili taxminan 340 million ishlab chiqarish baxtsiz hodisalari va 160 million kasb kasalliklari qurbonlari ro‘yxatga olinadi.
Mehnatni muhofaza qilishni malakali va professional tashkil etish korxonada shikastlanishlarning oldini olishning muhim omilidir. Qolaversa, tadbirkorlik faoliyatining yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga, mehnatni muhofaza qilish xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishga turtki bo‘ladi.
Rivojlangan davlatlar, masalan, Germaniya Konstitutsiyasida har kimga va barcha kasb egalariga mehnat va iqtisodiy sharoitlarni muhofaza qilish va yaxshilash uchun uyushmalar tuzish huquqi kafolatlanishi, ushbu huquqni cheklashga yoki uning amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilishga qaratilgan bitimlar o‘z kuchini yo‘qotishi va bunga qaratilgan choralar qonunga zid ekanligi belgilangan.
Turkiya Konstitutsiyasida davlat mehnatkashlarning turmush darajasini oshirish uchun zarur choralarni ko‘rishi, ularning manfaatlarini himoya qilish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va qulay iqtisodiy sharoit yaratish, ishsizlikning oldini olish uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo‘yilgan.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasida ham barchaga qulay mehnat sharoitlarida ishlash huquqini kafolatlovchi normalar batafsil bayon etilishi kerak. O‘z navbatida hammani qulay mehnat sharoitlarida ishlash huquqining kiritilishi mehnatni muhofaza qilish tizimi samaradorligini oshirish, odamlarning mehnatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etishga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash va mehnat unumdorligini oshirish imkonini beradi.
Video: https://youtu.be/gH2FtiFRA4A
Muzaffarjon Mamasiddiqov,
Yuridik fanlar doktori, professor
Sh.Otaboyev, N.Abduvoitov (video), O‘zA