Konstitutsiyamiz ijtimoiy davlatchilik asosida shakllanadi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari oliy qadriyat sifatida e’zozlanib, huquqiy tizimni mustahkamlash orqali kuchli fuqarolik jamiyati qurishga harakat qilinmoqda. Huquqiy tizimni mustahkamlash avvalo Konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazishni talab qiladi.
«Inson-jamiyat-davlat» tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini yanada kengaytirish va uni amalda ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish bilan bog‘liq yangi vazifalar yuzaga keldi. Ayniqsa, bugungi globallashuv davri va jadallik bilan o‘zgarib borayotgan hayotiy voqeliklar mamlakatimizni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun ham konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish vazifasini qo‘ymoqda.
Konstitutsiyaviy islohotlar keyingi yillarda qo‘lga kiritgan yutuqlarimiz va dunyodagi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda amalga oshirilishi zaruriyatga aylanib bormoqda.
O‘tkaziladigan har qanday islohot albatta Konstitutsiyamizda belgilab berilgan huquqiy asoslarga to‘g‘ri kelishi kerak. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, avvalgi amaliyotdan farqli ravishda Parlament tomonidan ishlab chiqilgan Konstitutsiya loyihasi referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilinadigan bo‘ldi.
Nazarimizda, Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlar quyidagi yo‘nalishlardagi masalalarning yechimini berishi bilan ahamiyatlidir:
Birinchidan, Konstitutsiyada insonning ajralmas yangi huquqlari mustahkamlab qo‘yiladi. Xususan, toza atrof-muhitga bo‘lgan huquq, turar-joy daxlsizligi, mulk daxlsizligi, intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlar, sog‘lom turmush tarziga oid huquqlar, mehnat huquqlari, erkin harakatlanish kabi huquq va erkinliklar mustahkamlab qo‘yiladi.
Ikkinchidan, shaxs erkinligini cheklash, shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlarini tushuntirish, ushlanish sabablarini bayon qilish, sudning qaroriga qadar ko‘pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkinligiga erishish, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan insoniy munosabatni ta’minlash, o‘lim jazosining qo‘llanilmasligini Konstitutsiya darajasida belgilanadi.
Uchinchidan, «huquqiy davlat» g‘oyasini qonunan singdirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘rtasidagi munosabatlarga oydinlik kiritish, Prezidentning ayrim vakolatlarini boshqa organlarga o‘tkazish, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari faoliyatini aniqlashtirish, hukumatning vakolatlarini kengaytirish, mansabdor shaxslarning mas’uliyatini aniq belgilash, mahallaning maqomini aniqlash, fuqarolik jamiyati institutining davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni aniq ko‘rsatiladi.
To‘rtinchidan, «inson – jamiyat – davlat» tamoyilini Konstitutsiyaga singdirish orqali ijtimoiy davlatchilik asoslarini shakllantirish, bunda oila, bolalar, yoshlar, keksalar, nogironligi bor shaxslar, mamlakatda yoki uning tashqarisida bo‘lishidan qat’i nazar, barcha insonlar haqida qayg‘urishi, inklyuziv ta’limni kafolatlash, muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdorini belgilab qo‘yish orqali davlatning mas’uliyatini belgilash Konstitutsiya darajasida mustahkamlanadi.
Beshinchidan, qonunchilik tashabbusi institutini takomillashtirish, ya’ni jamiyatning o‘zini ham qonunchilik tashabbusiga ega bo‘lishiga erishish, Oliy Majlis Senati, Ombudsman, Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik tashabbusidan foydalanish bilan bog‘liq normalar kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.
Oltinchidan, Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan qonun sifatida uning har bir normasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishiga erishish, bunda inson huquq va erkinliklarini mantiqiy joylashtirish, sud-huquq tizimini inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi organga aylantirish, qonun ustunligini amalda ta’minlovchi prokuratura, jamoat tartibini saqlovchi va inson huquqlarini himoya qiluvchi ichki ishlar, milliy gvardiya, kuchli advokatura tizimini yaratishga qaratilgan normalarni kiritishga to‘g‘ri keladi.
Mustaqillik yillarida Konstitutsiyamiz katta vazifalarni bajardi, milliy davlatchilik asoslarini mustahkamladi, huquqiy davlatga yo‘l ochdi, barcha sohalardagi islohotlarni huquqiy kafolatladi. Lekin dunyodagi bugungi keskin o‘zgarishlar, global muammolar, inson xavfsizligini ta’minlash, barqaror boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, har qanday o‘zgarishlarga tura olish uchun yangi, kuchli huquqiy asos – yangi Konstitutsiyaga ehtiyoj borligini ko‘rsatmoqda.
Shunga ko‘ra, ajdodlarimizning boy davlatchilik merosini davom ettirish, benazir qadriyatlarni qaror toptirish, yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish, dunyoda davlat sifatida munosib o‘rin egallashda befarq bo‘lmasligimiz, davlatimiz pasporti va kelajak taqdirimiz kafolati bo‘lgan Konstitutsiyamizni takomillashtirishda har birimizning faol ishtirokimiz talab etilmoqda.
Boboqul Toshev, yuridik fanlar doktori,
professor