Xiva shahri anʼanaviy “Qovun sayli” festivaliga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Joriy yilning 8-10 avgust kunlari Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” va “Arda Xiva” majmualarida anʼanaviy “Qovun sayli” festivali bo‘lib o‘tadi.
“uzbektourism.uz” portali maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilayotgan festival doirasida viloyatning shahar-tumanlari o‘z hududlarida yetishtirilgan shirin qovunlarning ko‘rgazma-savdosini o‘tkazadi. Pavilyonlar hududiy rang-baranglik asosida bayramona bezatiladi.
Shuningdek, teatrlashtirilgan sahnalar, qo‘g‘irchoq teatri va milliy liboslar namoyishi, milliy taomlar, Xorazm nonlari va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, badiiy jamoalar, folklor guruhlarining jonli ijro chiqishlari, mahorat darslari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
“Qovun sayli” da faol ishtirok etganlar turli nominatsiyalar asosida Xorazm viloyat hokimligi va homiylarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Festivalning asosiy tadbirlari mahalliy va xorijiy yulduzlar ishtirokidagi gala konsertlar bilan 8-9 avgust kunlari “Ichan qalʼa” va 10 avgust kuni “Arda Xiva” turizm majmualarida bo‘lib o‘tadi.